Toshkent shahri Mirobod tumanida 25-fevral kuni BMW M4 avtomashinasini boshqargan 2010-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bola YPX inspektorini urib ketgan edi. YPX inspektori Xosilbek Eshnazarov shifoxonada 27-fevral kuni vafot etgandi. 18-sentabr kuni voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unovga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deya xabar qildi Toshkent shahri sudlari.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi hukmi bilan sudlanuvchi Doniyor Turg‘unov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismining “d” bandi bo‘yicha (Jabrlanuvchining vafotiga sabab bo‘lgan darajada qasddan bandanga og‘ir shikast yetkazish) moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 85-moddasi (Voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi bir oydan o‘n yilgacha muddatga tayinlanadi) tartibida 2 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Hukmga ko‘ra, jazoni o‘tash muddati sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan 2026-yilning 27-fevral kundan boshlab hisoblanadi. Yakunda raislik etuvchi tomonidan taraflarga hukm mazmuni, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi hamda sud hukmiga nisbatan shikoyat qilish muddati va tartiblari tushuntirildi.
Gazeta avvalroq 25-fevral kuni kechqurun Toshkent markazidagi Nukus ko‘chasida haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 16 yoshli maktab o‘quvchisi boshqaruvidagi BMW M4 avtomobili Yo‘l-patrul xizmati xodimini urib yuborganini yozgandi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, inspektor ratsiya orqali qoidabuzarliklar bilan harakatlanayotgan avtomobil haqida xabar olgan va uni to‘xtatish choralarini ko‘rmoqchi bo‘lganida YTH sodir bo‘lgan.
YPX xodimi, kichik serjant Hosilbek Beknazar o‘g‘li Eshnazarov og‘ir jarohatlar olib, shifoxonaga yotqizilgan. U YTHdan so‘ng hushiga kelmay, shifoxonada vafot etgan. Prezident uni vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotladi. Dastlab Mirobod tumani prokuraturasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Harakat xavfsizligi qoidalarini buzish, o‘rtacha og‘irlikdagi yoki og‘ir tan jarohati yetkazilishiga olib kelish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan edi. Keyinchalik ish JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bo‘yicha ko‘rib chiqildi.
Hodisadan so‘ng IIV o‘smirning ota-onasi avval ikki marta ma’muriy javobgarlikka tortilganini ma’lum qilgandi. 2025-yil sentabr oyida o‘quvchining darslarni qoldirgani sababli, 2026-yil yanvarda esa avtomobilni o‘zboshimchalik bilan boshqargani va Yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani holatidan so‘ng choralar ko‘rilgan. IIV, shuningdek, BMW M4 avtomobili 2002-yilda tug‘ilgan Leyla Atadiyanovaga tegishli ekanini ma’lum qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, u 2024-yildan beri 18 marta avtomobilni boshqarishni haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan shaxslarga topshirgan va 37 marta YHQning boshqa qo‘pol buzilishiga yo‘l qo‘ygan.
Fevraldagi YTHdan so‘ng o‘smir IIV tomonidan e’lon qilingan videoda avval ham mashina boshqargani uchun ogohlantirish olganini tan olgan edi. “O‘tgan gal xodimlar meni ogohlantirishgan edi. Boshqa mashina haydamayman deb va’da bergandim. Lekin yana qoidani buzib, rulga o‘tirdim. Qilgan barcha harakatlarim noto‘g‘ri. Jarohat olgan xodimdan, uning o‘zidan, oilasidan, ota-onasidan kechirim so‘rayman”, — degan edi u.
Source: www.gazeta.uz