Turkiyada og‘ir ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonlik ayol va uning 3 nafar farzandi 17-sentabr kuni O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi ko‘magida vatanga jo‘natildi. Bu haqda idora xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ayol ishlash maqsadida Istanbulga borgan, biroq bolalari bilan boshpanasiz va yordamsiz qolib ketgan. Shundan so‘ng oila Bosh konsulxona tomonidan O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda oziq-ovqat bilan ta’minlangan va zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, ortga aviachipta olib berilgan.
“Bizni ko‘chada qoldirmasdan, bolalarim bilan O‘zbekistonga jo‘natilayotganimiz uchun prezidentimizga, Migratsiya agentligiga, Istanbuldagi konsulxonaga minnatdorlik bildiraman”, — deydi u.
Bosh konsulxona xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga amaldagi qonunchilik doirasida konsullik-huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatish ishlari davom ettirilishini ma’lum qildi.
Source: www.gazeta.uz