Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-sentabr kuni Nukus shahriga tashrif buyurib, davlat va jamoat arbobi, Qoraqalpog‘iston sobiq rahbari Qallibek Kamalovning xonadoniga tashrif buyurdi. Ma’lumot uchun, Qallibek Kamalov joriy yilning fevral oyida, 100 yillik yubileyiga bir oydan sal ko‘proq vaqt qolganida vafot etgan edi.

Prezident matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, tashrif davomida Qur’on tilovat qilinib, marhumning ruhiga duoi fotiha qilindi. Davlat rahbari Qallibek Kamalovning el-yurt ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini chuqur minnatdorchilik bilan yodga oldi. Prezidentga Administratsiya rahbari Saida Mirziyoyeva, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev va boshqa rasmiy shaxslar hamrohlik qildi.

Qallibek Kamalov uzoq yillar davomida Qoraqalpog‘istonda turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. So‘nggi yillarda u nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida jamiyat hayotida faol ishtirok etib, keksa avlod vakillarining muammolarini hal etishga hissa qo‘shgan.

Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston hukumati Qallibek Kamalov tavalludining 100 yilligini keng nishonlash haqida qaror qabul qilgan edi. Shu munosabat bilan Nukusda ilmiy konferensiya, xotira tadbirlari o‘tkazish, hujjatli film va kitob-albom tayyorlash rejalashtirilgan. Marhum yashagan xonadonga yodgorlik lavhasi o‘rnatildi.

Ma’lumot uchun, Qallibek Kamalovning ukasi Timur Kamalov 1997−2002-yillarda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi bo‘lgan. Xuddi shu lavozimda 2020-yil oktabridan 2022-yil yozigacha Qallibek Kamalovning o‘g‘li Murat Kamalov ham faoliyat yuritgan. Bu oilaviy an’ana Qoraqalpog‘istonda davlat boshqaruvida muhim rol o‘ynagan sulolaning davomiyligini ko‘rsatadi.

Source: www.gazeta.uz