Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Nukus tumanidagi «Diykon arna» mahallasiga tashrif buyurib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mahallada mingdan ortiq oila, jami 3,6 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi.

Bu yerda joriy etilgan «Aqlli mahalla» tizimi fuqarolarning murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, demografik ma’lumotlarni aniq hisobga olish va infratuzilma holatini raqamli texnologiyalar yordamida nazorat qilish imkonini beradi, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Investitsiya dasturi doirasida 4,5 mlrd so‘m hisobidan 60 o‘rinli zamonaviy bolalar bog‘chasi ishga tushirildi. Mahalliy budjetdan yana 1 mlrd so‘m futbol va vorkaut maydonchalarini qurishga yo‘naltirildi.

Aholi daromadlarini oshirishning asosiy yo‘nalishi sifatida asalarichilik belgilandi. Hozirgi vaqtda mahalladagi 20 dan ortiq uy xo‘jaligi asalarichilik bilan shug‘ullanadi. Bunday xo‘jaliklarning birida 50 dan 100 tagacha asalari uyasi bo‘lib, yiliga 1 tonnagacha asal olinadi.

Davlat rahbari mahalla sakini Baxtiyor Jubayevning uyiga tashrif buyurib, asalni qayta ishlash sexi va asalari qutilarini tayyorlash jarayoni bilan tanishdi. Bu yerda bir mavsumda 2 tonna qayta ishlangan asal sotilib, yiliga 200 mln so‘mga yaqin foyda keltiradi. Ustaxonada yiliga 250 dan ortiq asalari qutisi ishlab chiqarilib, yana 80 mln so‘mgacha daromad olish imkonini beradi.

Yil oxirigacha Asalarichilar assotsiatsiyasi kooperativ asosida yana 100 ta uy xo‘jaligida asalarichilikni tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu yana ko‘plab oilalarni barqaror daromad manbai bilan ta’minlash imkonini beradi.

Shundan so‘ng prezident mahalla faollari, keksa avlod vakillari va yoshlar bilan muloqot qildi.

Source: uznews.uz