Nurafshon shahrida tashkil etilishi rejalashtirilgan tadqiqot va ishlanmalar (R&D) markazi loyihasi Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Bu haqda Toshkentda o‘tgan ICT Week ochilish marosimida O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 22-sentabr kuni vazir Sherzod Shermatov OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao Arayya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekistonda raqamli transformatsiyani jadallashtirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish, mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Doirasida O‘zbekistonning ilg‘or texnologiyalar sohasidagi salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.
ICT Week ochilishida so‘zga chiqqan Sherzod Shermatov OTB bilan “Kelajak texnologiyalari markazi” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolangani va hamkorlikda Nurafshon shahrida tadqiqot va ishlanmalar (R&D) markazi tashkil etilishini ma’lum qildi. “Kecha OTB bilan „Kelajak texnologiyalari markazi“ loyihasini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzoladik. Endigina ish boshlagan vaqtimizda, O‘zbekistonni autsorsing markazi sifatida namoyish etishga harakat qildik. Va allaqachon birinchi milliard dollarlik IT xizmatlari autsorsingini amalga oshirdik. Endi esa universitetlarimiz, tadqiqot institutlarimiz salohiyatini oshirishimiz kerak, — dedi u. — OTB bilan birgalikda Nurafshon shahrida ilmiy-tadqiqot (R&D) va texnologiyalar markazini tashkil etmoqchimiz. Ushbu muhim loyihani qo‘llab-quvvatlagani uchun OTBga minnatdorchilik bildiraman”.
IT Park Uzbekistan’ning Nurafshon shahrida tadqiqot va ishlanmalar (R&D) markazini tashkil etish rejasi may oyining boshida prezidentga taqdim etilgan edi. Ma’lum qilinishicha, markaz 7,3 gektar maydonda joylashtirilishi rejalashtirilgan: loyiha oltita yuqori texnologiyali laboratoriya, 200 GPUga ega hisoblash markazi, startap kampusi va tijoratlashtirish markazini o‘z ichiga oladi. Loyihaning umumiy qiymati 200 mln dollarga baholanib, 2027−2031-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
OTBga ko‘ra, UPGRADE (Unleashing Potential for Growth through Research and Advanced Digital Technology Excellence) loyihasi raqamli transformatsiya, innovatsiyalarni tijoratlashtirish va chuqur texnologik innovatsiyalar orqali O‘zbekistonning bilimga asoslangan hamda xususiy sektor yetakchi bo‘lgan iqtisodiyotga o‘tishini tezlashtirishga qaratilgan. Loyiha doirasida quyidagi natijalarga erishish ko‘zda tutilgan: Loyiha O‘zbekiston yuqori texnologiyalar klasterining tayanchi sifatida IT Park tomonidan boshqariladigan Raqamli innovatsiyalar va sun’iy intellekt ilmiy-tadqiqot va biznes markazi (DARC) qurilishi va jihozlanishini moliyalashtiradi. DARC hukumat tomonidan rejalashtirilgan, Nurafshonni sun’iy intellekt, raqamlashtirish, tadqiqotlar va yuqori texnologiyalar bo‘yicha milliy markazga aylantirishni maqsad qilgan kengroq innovatsion klaster — Kelajak texnologiyalari markazining bir qismiga aylanadi.
OTBning ma’lum qilishicha, markaz to‘rtta qismdan tashkil topadi. Birinchisi — modulli sun’iy intellekt hisoblash markazi (MACC). MACC umumiy, energiya tejamkor (kam quvvatli, 400 kilovattdan past) sun’iy intellekt hisoblash obyekti bo‘lib, u 200 ga yaqin yuqori unumdor GPU bilan jihozlanadi hamda tegishli universitetlar, startaplar, tadqiqotchilar va laboratoriyalarga xizmat ko‘rsatadi: ularni GPU va xususiy bulutli sig‘im bilan ta’minlaydi. Shuningdek, markazning modulli apparat ta’minoti har 3 yilda yangilanib, foydalanishdan chiqarilgan uskunalar hududiy universitetlar ixtiyoriga beriladi. Ikkinchisi — 6 ta yuqori texnologiyali laboratoriya. Ushbu laboratoriyalar SI ilovalari, qurilmalar hamda qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, moliya va kiberxavfsizlikka yo‘naltirilgan texnologiyalarni sanoat darajasida ishlab chiqarish, sinovdan o‘tkazish va sertifikatlashga xizmat qiladi. Uchinchisi — tijoratlashtirish markazi. Markaz mahsulotning bozorga mosligi va bozorga chiqish bo‘yicha maslahatlar, intellektual mulk va tartibga solish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi. Shuningdek, xalqaro sertifikatlash va mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish xizmatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. To‘rtinchisi — 10 ta korporativ ochiq innovatsiya ofislari bilan birga 50 tagacha startapni o‘zida joylashtiruvchi ochiq innovatsiyalar va startaplar kampusi.
Loyiha hozircha tayyorgarlik bosqichida bo‘lib, pudratchilarni tanlash 2027-yilning birinchi choragiga rejalashtirilgan. Qayd etish joizki, bank saytida loyiha qiymatiga aniqlik kiritilmagan. Iyul oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahridagi Cyber University’ga tashrif buyurib, oliygoh yonida Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga start bergan edi. Maydoni 36 gektar bo‘lgan mazkur markaz qurilishiga qariyb 500 million dollar investitsiya jalb etiladi. U ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, texnologik sinovlar va ishlab chiqarish jarayonlarini birlashtiruvchi yagona innovatsion ekotizimga aylanishi rejalashtirilgan. Markazda kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya yo‘nalishlari bo‘yicha 6 ta laboratoriya faoliyat yuritadi. Shuningdek, bu yerda sun’iy intellekt data-markazi, muhandislik klasteri, himoyalangan kompyuterlar, ma’lumot uzatish uskunalari hamda yuqori texnologiyali tokenlar ishlab chiqarish markazi barpo etiladi. Bundan tashqari, uchuvchisiz uchish apparatlari va robototexnika vositalarini sinovdan o‘tkazish uchun maxsus poligon tashkil etiladi.
Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida mahalliy texnologiyalarni tijoratlashtirish va milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish platformasi yaratiladi. Loyihalarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 5 megavatli energetika quvvatlari barpo etiladi. Shuningdek, markazga dunyoning yetakchi kompaniyalari, universitetlari va olimlarini jalb qilish, talabalar hamda xodimlar uchun zamonaviy ijtimoiy, madaniy va maishiy infratuzilma yaratish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 5000 dan ortiq yuqori malakali ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Shuningdek, markaz viloyat raqamli iqtisodiyoti rivojiga muhim turtki berishi ta’kidlandi.
Source: www.gazeta.uz