Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O'zbekiston Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Google kompaniyasining vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashuv o'tkazdi. Uchrashuvda O'zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda Mirziyoyeva o'zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qildi.

Mirziyoyeva ta'kidlashicha, so'nggi yillarda O'zbekistonda shaxsga doir ma'lumotlarni qayta ishlash va raqamli to'lovlar sohasidagi qonunchilik sezilarli darajada takomillashtirilgan. Uning so'zlariga ko'ra, bu o'zgarishlar xalqaro to'lov tizimlaridan erkin foydalanish uchun keng imkoniyatlar ochadi. "Kompaniya bilan juda ko'p yo'nalishda hamkorlik qilish imkoniyati bor. Oldimizda esa katta va muhim vazifalar turibdi", — deya qo'shimcha qilgan u.

Ma'lumot uchun, O'zbekiston YouTube hamkorlik dasturi (YPP) ishlamaydigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bu shuni anglatadiki, platformaga joylashtirilgan videolar mualliflari reklamadan daromad olish imkoniyatidan mahrum. O'zbekistonda YouTube tomosha qilinganda ham reklama ko'rsatilmaydi. Hozirda monetizatsiya faqat xorijiy auditoriya hisobiga ishlaydi: agar bloger xorijiy tillarda kanal yuritsa, tushumlar hisobda to'planadi va kartaga yechib olinishi mumkin. Shuningdek, ko'plab kanallar media-agentliklar orqali faoliyat yuritadi.

Videoblogerlarning asosiy daromad manbalaridan biri maxsus loyihalar, nativ reklama va reklama mahsulotlarini kontentga integratsiya qilish (product placement) hisoblanadi. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 2024-yilda o'zbekistonlik YouTube ijodkorlari ingliz tili kabi ommabop tillarda video yaratsa, ko'proq daromad olishi mumkinligini ta'kidlagan edi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadqiqotiga ko'ra, O'zbekiston YouTube monetizatsiyasining yo'qligi sababli yiliga 50 million dollargacha mablag' yo'qotmoqda.

Eslatib o'tamiz, 2021-yilda O'zbekistonda shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risidagi qonunga o'zgartirishlar kiritilgan edi. Hujjatning 27-1-moddasi kompaniyalarga O'zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlari qayta ishlanadigan serverlarni mamlakat ichida joylashtirish majburiyatini yuklagandi. Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 6-noyabr kuni Vashingtonda AQSh kompaniyalari bilan uchrashuvda O'zbekistonda shaxsiy ma'lumotlarni saqlash to'g'risidagi qonunchilik qayta ko'rib chiqilishini ma'lum qilgan edi. "Biz amerikalik hamkorlar bilan birgalikda qonunchilikni yangilash bo'yicha ishlarni yakunlayapmiz. Bu yangi texnologik sheriklik, jumladan, Apple Pay va Google Pay global to'lov tizimlarini ishga tushirish, raqamli akademiyalar va startap-xablar tarmog'ini yaratish imkoniyatlarini yaratadi", — degan edi u.

2026-yilning 26-mart kuni O'zbekiston prezidenti "Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida"gi qonunga o'zgartishlar kiritish haqidagi qonunni imzoladi. Hujjat barcha shaxsiy ma'lumotlarni O'zbekiston hududidagi serverlarda saqlash bo'yicha majburiy talabni bekor qildi — endilikda bu talab faqat biometrik va genetik ma'lumotlar, shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari abonentlarining ma'lumotlari uchun saqlanib qoldi. Boshqa shaxsiy ma'lumotlar esa qator shartlarga rioya qilingan holda xorijda qayta ishlanishi mumkin.

Kurbanoff.net Telegram kanali muallifi qonunchilikdagi to'siqning olib tashlanishi xizmatlarning darhol paydo bo'lishini anglatmasligini qayd etdi. Uning so'zlariga ko'ra, yangi qonun ma'lumotlarni transchegaraviy uzatish mumkin bo'lgan shartlarni belgilab berdi, biroq buning uchun bir nechta qonunosti hujjatlarini qabul qilish kerak: ma'lumotlarni yetarli darajada himoya qiluvchi davlatlar ro'yxatini, standart shartnomaviy shartlarga qo'yiladigan talablarni va ma'lumotlarni saqlashning xalqaro standartlari ro'yxatini tasdiqlash zarur. Oradan uch oy o'tgan bo'lsa-da, bu hujjatlarning birortasi ham qabul qilinmadi. "Ushbu bandlar amalga oshirilmaguncha, shaxsiy ma'lumotlarni har qanday transchegaraviy uzatish yuridik jihatdan noaniq bo'lib qoladi", — deb ta'kidladi u.

Bundan tashqari, uning so'zlariga ko'ra, to'liq me'yoriy baza shakllanganidan keyin ham O'zbekistonning Apple Pay yoki Google Pay yo'l xaritasiga kiritilishi kompaniyalarning o'z ichki qarori bo'lib qolaveradi — qonunchilikdagi o'zgarishlar faqat huquqiy imkoniyat yaratadi, lekin bozorga biznes qiziqishini kafolatlamaydi. Shu bilan birga, u mamlakatda kontaktsiz to'lovlarni qabul qilish uchun texnik infratuzilma allaqachon tayyor ekanligini qo'shimcha qildi: NFC qo'llovchi terminallar do'konlar, dorixonalar, kafelar va yonilg'i quyish shoxobchalarida allaqachon standartga aylangan.

Biznes vakillari shaxsiy ma'lumotlarni saqlash to'g'risidagi qonunning ijrosi bilan bog'liq muammoni bir necha bor ta'kidlab o'tgan. Xususan, 2024-yil oxirida TBC Bank xalqaro operatsiyalar rahbari Oliver Hyuz banklarga shaxsiy ma'lumotlarni O'zbekiston va xorijdagi bulutli omborlarda saqlashga ruxsat berishni taklif qilgan va bu tashabbus mamlakatda sun'iy intellektni rivojlantirish uchun muhimligini qayd etgandi. 2025-yil avgust oyida TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani Apple Pay va Google Pay kompaniyalari O'zbekiston bozoriga kirmayotganini, bunga sabab qilib kompaniyalarga ma'lumotlarni xorijda joylashgan bulutli serverlarda saqlashga imkon bermaydigan shaxsiy ma'lumotlar to'g'risidagi qonunni ko'rsatgandi.

Source: www.gazeta.uz