Toshkent shahrida jarima maydonchalari faoliyatini tartibga soluvchi yangi nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi. Endi jarima maydonchalariga avtomobillarni yetkazish, joylashtirish va saqlash tartibi aniq belgilangan qoidalar asosida amalga oshiriladi.
Qarorga ko‘ra, vakolatli davlat organi transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilganda, tegishli xabarnoma davlat organlariga hamda tegishli xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga «Jarima maydonchasi» moduli orqali yuboriladi. Bu jarayonning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan.
Haydovchilik huquqidan mahrum qilishga olib keladigan huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning transport vositalari jarima maydonchasiga faqat maxsus texnika — evakuator yoki manipulyator yordamida yetkazilishi mumkin. Bu talab avtomobillarni tashish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Transport vositasini ushlab turish sabablari bartaraf etilgach, uni jarima maydonchasidan olish uchun ruxsatnoma «Jarima maydonchasi» moduli orqali rasmiylashtiriladi. Ruxsatnoma faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organning mansabdor shaxslari tomonidan beriladi. Hujjat QR-kod bilan tasdiqlanadi va bir ish kuni ichida elektron shaklda haydovchiga hamda avtomobilni saqlash xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxsga yuboriladi.
«Jarima maydonchasi» moduli orqali rasmiylashtirilmagan ruxsatnomalar asosida ushlab turilgan transport vositalarini jarima maydonchasidan berish qat’iyan taqiqlanadi. Bu qoida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va jarayonni to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan.
Source: uznews.uz