Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan joriy yilda ta’sis etilgan FIDE Excellence Awards 2026 mukofotining “Erkaklar o‘rtasida eng yaxshi shaxmatchi” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi. Ushbu nufuzli mukofot unga 27-sentabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining yopilish marosimida tantanali ravishda topshirildi. Bu O‘zbekiston shaxmat maktabining xalqaro miqyosdagi yana bir yorqin g‘alabasi bo‘ldi.

Mazkur mukofot shaxmatchilarning ikki yillik olimpiya sikli — 2024-yil sentabridan 2026-yil avgustigacha bo‘lgan davrdagi yutuqlarini baholaydi. FIDE Excellence Awards ilk bor ta’sis etilgan bo‘lib, u har ikki yilda bir marta topshiriladi. Sindarovning xalqaro turnirlardagi ishtiroki, musobaqalarga tayyorgarligi va murabbiylar bilan ishlashi O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda. Bu homiylik yosh shaxmatchining jahon miqyosida muvaffaqiyat qozonishida muhim omil bo‘ldi.

“Erkaklar o‘rtasida eng yaxshi shaxmatchi” nominatsiyasi short listiga o‘n nafar grossmeyster kiritilgandi. Sindarovdan tashqari mukofotga O‘zbekistonning yana bir vakili Nodirbek Abdusattorov, shuningdek, Magnus Karlsen (Norvegiya), Fabiano Karuana (AQSh), Arjun Erigaysi (Hindiston), Alirizo Firuzja (Fransiya), Anish Giri (Niderlandiya), Gukesh Dommaraju (Hindiston), Vinsent Kaymer (Germaniya) va Rameshbabu Pragnanandha (Hindiston) da’vogarlik qilishgan edi. Nomzodlarni ko‘rsatish bo‘yicha ochiq bosqichdan so‘ng FIDE maxsus hakamlar hay’ati har bir toifa bo‘yicha o‘nta da’vogardan iborat short listni shakllantirgan, so‘ngra g‘oliblar FIDE Excellence Awards ekspertlar hay’ati tomonidan aniqlandi. Mukofot jami 11 ta nominatsiyani o‘z ichiga oladi.

Ko‘rib chiqilgan ikki yillik davr ichida Sindarov o‘z faoliyatidagi eng katta muvaffaqiyatlarga erishdi. 2025-yilda u FIDE Jahon kubogini qo‘lga kiritib, ushbu turnir tarixidagi eng yosh chempionga aylandi. Finalda u Xitoy vakili Vey Ini mag‘lub etdi va Nomzodlar turniriga yo‘llanma oldi. 2026-yil aprelida esa o‘zbekistonlik grossmeyster Nomzodlar turnirida muddatidan avval g‘alaba qozonib, Gukesh Dommaraju bilan shaxmat toji uchun bahs olib borish huquqini qo‘lga kiritdi. Ushbu davr mobaynida Javohir o‘z reytingini qariyb 100 ballga oshirib, dunyo reytingining kuchli to‘rtligidan joy oldi. Iyul oyida FIDE mukofotlarning qisqa ro‘yxatini e’lon qilganida, Sindarov birdaniga ikkita — “Eng yaxshi shaxmatchi” va “Yil kashfiyoti” nominatsiyalariga qo‘yilgandi. Ikkinchi nominatsiyada turkiyalik shaxmatchi Yag‘iz Kaan Erdog‘mush g‘olib deb topildi.

Sindarov FIDE mukofotini O‘zbekiston erkaklar milliy jamoasi chempionlikka erishgan uy Olimpiadasi yakunida qabul qilib oldi. Jamoa 11 uchrashuvda 10 g‘alaba bilan 20 ochko jamg‘arib, Chennay-2022 dan keyin ikkinchi bor olimpiya oltinini qo‘lga kiritdi. Sindarovning o‘zi esa 10 partiyada 7 ochko to‘pladi (beshta g‘alaba, to‘rtta durang va bir mag‘lubiyat) va 2797 performans bilan ikkinchi doskada bronza medaliga sazovor bo‘ldi. FIDE Excellence Awards 2026 doirasida “Eng yaxshi ayol shaxmatchi” nominatsiyasi g‘olibligi Hindiston vakili Divya Deshmukxga nasib etdi. Eng yaxshi ayol shaxmatchi unvoni uchun short listdan, shuningdek, Bibisara Asaubayeva, Aleksandra Goryachkina, Hampi Koneru, Ley Tinsze, Anna Muzichuk, Tan Chjun’i, Vayshali Rameshbabu, Szyuy Venszyun va Chju Szinerlar ham o‘rin olgandi.

Source: www.gazeta.uz