Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida sodir bo‘lgan shov-shuvli yo‘l-transport hodisasi (YTH) bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Avvalroq Toshkent shahar sudi apellyatsiya instantsiyasi tomonidan oldingi qaror bekor qilinib, ish qayta ko‘rib chiqilgach, Mirzo Ulug‘bek tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 26 yoshli Lixiang L9 haydovchisini aybdor deb topdi.

Sud qaroriga ko‘ra, haydovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasi 4-qismi (tezlikni 60 km/soatdan ortiq oshirish), 133-moddasi (yengil tan jarohati yoki katta moddiy zarar yetkazish) va 135-1-moddasi 1-qismi (majburiy sug‘urta talablarini buzish) bo‘yicha aybdor deb topildi. Kodeksning 34-moddasi qo‘llanilib, huquqbuzarga yakuniy 6 million 180 ming so‘m miqdorida jarima tayinlandi.

Sud majlisida jabrlanuvchi tomonga yetkazilgan moddiy zarar aybdor tomonidan to‘liq qoplangani ta’kidlandi. Manfaatdor tomonlarga boshqa moddiy va ma’naviy zararni undirish uchun fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi, shuningdek, sud qarori ustidan shikoyat qilish tartibi tushuntirildi.

Avariya 2025-yil 30-sentabr kuni soat 01:00 atrofida Mustaqillik shoh ko‘chasida yuz bergan edi. To‘qnashuv kuchi shunchalik katta bo‘lganki, Lixiang L9 avtomobili yo‘l to‘sig‘iga urilib, qismlarga bo‘linib ketgan va bu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Source: podrobno.uz