O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi shakar miqdori yuqori bo'lgan alkogolsiz ichimliklarni markalash, hisobga olish va nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha qaror loyihasini ishlab chiqdi. Hujjatga ko'ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy ishlab chiqarilgan va import qilinadigan alkogolsiz ichimliklar uchun har 100 ml mahsulotdagi umumiy shakar miqdoriga qarab majburiy ogohlantiruvchi yozuvlar kiritilishi taklif etilmoqda.
Loyihada shakar miqdori 5 dan 8 grammgacha bo'lgan ichimliklar qadoqida sariq fonda qora rangda "O'rtacha shakar miqdori" yozuvi joylashtirilishi belgilangan. 8 dan 11 grammgacha bo'lgan mahsulotlar uchun to'q sariq fonda qora rangda "Yuqori shakar miqdori" degan yozuv qo'yiladi. Agar 100 ml ichimlikda 11 gramm va undan ko'p shakar bo'lsa, qadoqda qizil fonda oq rangda "Juda yuqori shakar miqdori — tez-tez iste'mol qilish sog'liq uchun zararli" degan ogohlantirish joylashtirilishi kerak.
Ogohlantiruvchi yozuv qadoqning old tomonida bo'lishi, uning umumiy maydonining kamida 15 foizini egallashi, kontrastli va bir qarashda yaxshi ko'rinadigan bo'lishi talab etiladi. Shuningdek, mahsulot tarkibi, kaloriyasi va kunlik iste'mol normasi haqida ma'lumot beruvchi QR-kod ham nazarda tutilgan. 2027-yil 1-martgacha alkogolsiz ichimliklarni laboratoriya tahlil qilishning yagona metodikasi tasdiqlanishi, 1-sentabrgacha esa akkreditatsiyalangan laboratoriyalarda shakar miqdorini aniqlash yo'lga qo'yilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, shakar miqdori loyihada belgilangan ko'rsatkichlardan yuqori bo'lgan alkogolsiz ichimliklar reyestri yuritilishi va har chorakda e'lon qilinishi mo'ljallangan. 2027-yil 1-dekabrgacha shakar miqdori yuqori ichimliklarni monitoring qilish uchun yagona raqamli platforma ishlab chiqilishi taklif etilmoqda. U 100 ml mahsulotdagi shakar yoki uglevodlar miqdori va ishlatiladigan shirinlashtiruvchilar turlari haqidagi ma'lumotlarni o'z ichiga oladi. Tizimga e'lon qilingan va haqiqiy tarkib o'rtasidagi tafovutlarni aniqlash uchun laboratoriya tadqiqotlari natijalari ham kiritiladi.
Import qilinadigan alkogolsiz ichimliklar uchun 2028-yil 1-yanvargacha shakar miqdorini elektron deklaratsiya qilish joriy etilishi rejalashtirilgan. Yangi talablarga javob bermaydigan markalashga ega mahsulotlar O'zbekistonga olib kirilishiga yo'l qo'yilmasligi taklif etilmoqda. 2027-yil 1-yanvardan boshlab ta'lim muassasalarida ham markalash talablariga javob bermaydigan alkogolsiz ichimliklarni sotish bosqichma-bosqich cheklanadi. Shuningdek, shakar miqdori yuqori ichimliklarni nazorat xaridlari o'tkazish va aniqlangan qonunbuzarliklar haqida ma'lumot e'lon qilish rejalashtirilgan.
Source: uznews.uz