Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Hafta boshida O‘zbekiston hududiga sovuq va nam antitsiklon oqimi kirib kelishi munosabati bilan barcha hududlarda havo harorati sezilarli darajada pasayadi. Shimoliy hududlar hamda tog‘li zonalarida tungi harorat deyarli nol darajagacha tushib, mavsumning ilk sovuq urish holatlari qayd etilishi mumkin. Dushanba kuni Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida, shuningdek, Farg‘ona vodiysida yog‘ingarchilik kutilmoqda, baland tog‘li hududlarda esa qor yog‘ishi ehtimoli bor. Kunduzgi harorat janubiy viloyatlardan tashqari boshqa joylarda +12…+20 daraja atrofida iliq bo‘ladi.

Chorshanba va payshanbadan e’tiboran antitsiklon asta-sekin chekinib, havo harorati kechalari ham, kunduzlari ham ko‘tarila boshlaydi. Ish haftasining ikkinchi yarmida janubda kunduzi termometr ustuni +28 darajagacha, boshqa viloyatlarda esa +23…+25 darajagacha isiydi. Umuman olganda, 5–11-oktabr kunlari mamlakatning katta qismida o‘rtacha havo harorati iqlimiy me’yordan 1–3 daraja past bo‘lishi, Qizilqum cho‘llarida esa ancha sovuq ob-havo hukm surishi prognoz qilinmoqda. 6-oktabr kuni esa mavsumdagi ilk tuman tushishi ehtimoli bor, bu esa transport harakati va aviaqatnovlarga ta’sir qilishi mumkin.

Sinoptiklar dushanba va seshanba kunlari atmosfera bosimining 1030 gPa gacha ko‘tarilishi kutilayotganini qayd etmoqda. Bunday yuqori bosim va keskin sovuq qon bosimi xastaligi bor fuqarolar salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi, holsizlik va uyquchanlik keltirib chiqarishi mumkin. Mutaxassislar ushbu kunlarda yengil jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish, kaliyga boy mevalar, yong‘oq va go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilish hamda ish yuklamasini kamaytirishni tavsiya qilmoqda.

Kosmik ob-havo ma’lumotlariga ko‘ra, hafta boshida qizil darajadagi geomagnit bo‘ronlari qo‘zg‘alishi mumkin, biroq hafta o‘rtalariga borib magnit maydoni barqarorlashadi. Shamolning susayishi va atmosferadagi turg‘unlik poytaxt Toshkent va Farg‘ona vodiysida havo sifatining vaqtincha pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin, ammo changli bo‘ronlar xavfi kutilmayapti. Hafta oxiriga borib mamlakatda ob-havo yana kuz fasliga xos iliq me’yorlarga qaytadi.

Source: www.gazeta.uz