Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrining markaziy va turizm ko‘chalari, xiyobonlar hamda poytaxt aholisi va mehmonlari gavjum bo‘ladigan jamoat joylari atrofida 100 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi (hojatxona) qurilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur tashabbus poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan imzolangan tegishli qarorda o‘z aksini topgan.

Hujjatga muvofiq, yangi shoxobchalar 2026-yil davomida soddalashtirilgan tartibda, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Loyihaning asosiy maqsadi poytaxtning sanitariya holatini yaxshilash, shahar muhitini sayyohlar va aholi uchun yanada qulay qilishdan iboratdir.

Mazkur 100 ta sanitariya-gigiyena manzilini aniq belgilash va joylashtirish uchun zarur topografik tadqiqotlar o‘tkaziladi. Ushbu maqsadlar bilan bog‘liq xarajatlarga jami 140,4 million so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu boradagi taklif “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ kuzatuv kengashiga taqdim etiladi.

Loyiha xarajatlari Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Topografik va geodezik ishlarni bajarish esa “Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot, shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tadqiqot instituti” MCHJga yuklatilishi rejalashtirilgan.

Qarorga binoan, ajratilayotgan mablag‘larning o‘z vaqtida va qat’iy maqsadli sarflanishini nazorat qilish “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ zimmasiga yuklatilgan. Toshkent shahar G‘aznachilik xizmati boshqarmasi esa belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq moliyalashtirish jarayonlarini to‘liq ta’minlaydi.

Source: www.gazeta.uz