Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkiya Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari ishtirokida o‘tkazilgan «Birlik kuchi – 2026» qo‘shma taktik-o‘quv mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli yakuniga yetdi. Ushbu keng ko‘lamli harbiy hamkorlik tadbiri yakunlari bo‘yicha Ozarbayjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmati rasmiy axborot berdi.
Tantanali yopilish marosimida harbiy orkestr ijrosida Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi. So‘zga chiqqan harbiy qo‘mondonlar mazkur qo‘shma mashqlar uch mamlakat askar va ofitserlari o‘rtasida ilg‘or harbiy tajriba almashish, bo‘linmalarning jangovar shayligi va professionalligini oshirish hamda qardosh davlatlar o‘rtasidagi do‘stona harbiy aloqalarni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘lganini qayd etdilar.
Mashg‘ulotlar davomida murakkab relefli tog‘ va tekislik hududlarida hamda real jangovar sharoitlarga maksimal darajada yaqinlashtirilgan vaziyatda o‘quv-jangovar vazifalar bajarildi. Unda qatnashgan harbiy xizmatchilar yuksak taktik mahorat, operativ muvofiqlik va qat’iyat ko‘rsatib, yuklatilgan barcha murakkab vazifalarni namunali darajada bajarganliklari alohida ta’kidlandi.
Rasmiy marosim so‘ngida mashg‘ulotlar davomida alohida fidoyilik va kasbiy yetuklik ko‘rsatgan harbiy xizmatchilar esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Eslatib o‘tamiz, «Birlik kuchi – 2026» mashg‘ulotlari 22-sentabr kuni Qorabog‘ iqtisodiy tumanidagi «Qizilg‘oya», Naxchivon Muxtor Respublikasidagi «Qorabog‘lar» o‘quv markazlarida hamda Kaspiy dengizining Ozarbayjon akvatoriyasida joylashgan «Boyuk Zira» poligonida bir vaqtning o‘zida start olgan edi.
Source: www.uznews.uz