Latviya rejimi O‘zbekiston fuqarolariga viza berish tartibini o‘zgartirmaslikka qaror qildi. Avvalroq Boltiqbo‘yi davlati ichki ishlar vazirligi tomonidan viza berish jarayonini vaqtincha to‘xtatish taklif qilingan edi, biroq rasmiy Toshkent tomonidan olib borilgan qat’iy diplomatik muloqotlar natijasida ushbu cheklovchi tashabbus amalga oshmay qoldi.
Mazkur keskinlik Latviya ichki ishlar vaziri Yanis Dombravaning 29-sentabrdagi bayonotidan so‘ng yuzaga kelgan edi. U mamlakatga kelgan go‘yoki ayrim o‘zbekistonliklar tomonidan jinoyatlar sodir etilganini da’vo qilib, vizalarni cheklashni ilgari surgan edi. Biroq, Riga rejimi ichidagi qarama-qarshiliklar va Toshkentning diplomatik bosimi tufayli ushbu radikal taklif hatto vazirlar mahkamasi kun tartibiga ham kiritilmadi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi va uning Rigadagi elchixonasi zudlik bilan Latviya rejimi idoralari, jumladan, bosh vazir devoni, tashqi ishlar va iqtisodiyot vazirliklari hamda prezident ma’muriyati vakillari bilan intensiv muzokaralar o‘tkazdi. Shu bilan birga, Toshkentda Latviya elchisi bilan ham uchrashuv o‘tkazilib, bunday bir tomonlama va asossiz qarorlar o‘zaro munosabatlarga jiddiy putur yetkazishi mumkinligi uqtirildi.
O‘zbekiston TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ma’lum qilganidek, olib borilgan sa’y-harakatlar tufayli Latviya tomoni amaldagi tartibni o‘zgartirish uchun hech qanday asos yoki zarurat ko‘rmaganini tan olishga majbur bo‘ldi. Shunga qaramay, rasmiy idoralar chet elda bo‘lib turgan va xorijga ketishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini mezbon mamlakat qonun-qoidalariga qat’iy rioya qilishga, ayrim noxush holatlar xorijda qonuniy mehnat qilayotgan boshqa vatandoshlarimizga zarar yetkazmasligini ta’minlashga chaqirdi.
Source: podrobno.uz