Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ijtimoiy tarmoqlarda "komil_vlogs" taxallusi ostidagi blogerning Centrum Air aviakompaniyasi samolyotiga chiqarilmagani haqida e’lon qilgan videosi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Yo‘lovchining ta’kidlashicha, uning bortga kiritilmasligiga parvoz xizmatchisidan (styuardessadan) o‘zbek tilida gapirishni talab qilgani sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Centrum Air aviakompaniyasi rasmiy izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, noxush hodisa joriy yilning 5-oktyabr kuni Samara shahridan Toshkentga amalga oshirilayotgan reysga yo‘lovchilarni o‘tqazish chog‘ida sodir bo‘lgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bloger bortkuzatuvchiga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo‘lib, qo‘pol ohangda talablar qo‘ygan, xodimni haqorat qilgan va yo‘lovchilarning samolyotga joylashishi jarayoniga xalaqit bergan.

Bunday xatti-harakatlar bortdagi xavfsizlik va tartibga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid solishi mumkinligi inobatga olinib, havo kemasi komandiri ushbu fuqaroni reysga qo‘ymaslik haqida qaror qabul qilgan. Tashuvchi mazkur qarorni to‘liq asosli deb hisoblashini va hodisa bilan bog‘liq barcha tafsilotlar hujjatlashtirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, aviakompaniya qoidabuzar yo‘lovchining harakatlari yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Shu bilan birga, Centrum Air barcha bortkuzatuvchilar o‘zbek, rus va ingliz tillarini yaxshi bilishini hamda yo‘lovchilar bilan ularga qulay bo‘lgan tilda erkin muloqot qila olishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Source: www.uznews.uz