Toshkentdan Tailandning Pxuket shahriga parvoz qilishi kerak bo'lgan o'zbekistonlik yo'lovchilar 7-oktabrga o'tar kechasi jiddiy muammolarga duch kelishdi. Tarqalgan ma'lumotlarga ko'ra, ba'zi turistlar barcha talablarni bajarib, arizalari tasdiqlanganiga qaramay, samolyotga chiqa olishmagan. Muammo shundaki, tizimda vizalar ma'qullangani haqida bildirishnoma ko'ringan bo'lsa-da, aeroportda taqdim etilishi shart bo'lgan haqiqiy elektron viza hujjati kelmagan.
Jabrlangan yo'lovchilarning so'zlariga ko'ra, ayrim fuqarolar Moskvadagi Tailand elchixonasi bilan bog'lanib, jo'nab ketish oldidan hujjatni olishga muvaffaq bo'lishgan, biroq ko'pchilik diplomatik vakolatxonaga qo'ng'iroq qila olmagan. Odamlar o'z bagajlari bilan aeroportda so'nggi daqiqagacha kutishgan, ammo tegishli hujjatsiz reysga qo'yilmagan. Shuningdek, ba'zi arizalar safar sanasi yaqinlashib qolganiga qaramay, haftalab «Processing» maqomida qolib ketayotgani aytilmoqda.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Tailand hukumati xavfsizlikni kuchaytirish bahonasida o'zbekistonliklar uchun oldindan viza olish tartibini joriy qilgan edi. Hozirda arizalar «Thai e-Visa» tizimi orqali onlayn topshirilsa-da, ularni O'zbekiston fuqarolariga ham xizmat ko'rsatadigan Moskvadagi elchixona ko'rib chiqadi. Asosiy muammolardan biri sifatida yig'imni O'zbekistondan turib to'g'ridan-to'g'ri to'lash imkoni yo'qligi ko'rsatilmoqda.
Mutasaddilar ilgari to'lov tizimini soddalashtirishni muhokama qilgan bo'lsalar-da, yangi tartib joriy etilganidan bir necha hafta o'tib ham sayyohlar uchun qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda. Hozircha tizimdagi «Approved» maqomi yetarli emasligi va o'z vaqtida kelmagan elektron hujjatlar ko'plab reyslarning barbod bo'lishiga sabab bo'lmoqda.
Source: podrobno.uz