Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Madaniyat vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fotih Jalolov Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri direktori lavozimiga tayinlandi. Yangi rahbar 7-oktabr kuni teatr ijodiy jamoasiga rasman tanishtirildi.

Ma’lum qilinishicha, tayinlov jarayonida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev ishtirok etib, Fotih Jalolov teatr faoliyatini yanada rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqishda mas’uliyat bilan yondashishiga ishonch bildirdi. Eslatib o‘tamiz, Jalolov bungacha Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasiga rahbarlik qilib kelayotgan edi.

Tajribali san'atkor 1984-yilda A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr-rassomlik institutining aktyorlik fakultetini tamomlagan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida nafaqat aktyorlik, balki rejissyorlik yo‘nalishida ham samarali faoliyat olib borgan. U "Oq bino oqshomlari", "Bomba", "Marg‘iyona", "Sardor", "Dilxiroj" hamda mashhur "Osmondagi bolalar 2" kabi ko‘plab kinoasarlarda esda qolarli rollarni ijro etgan.

Shuningdek, uning rejissyorligi ostida "Katta oyi", "Xotira rashki" va "Muqimiy" kabi film va loyihalar amalga oshirilgan. Faoliyati davomida u 2017-yilda "O‘zbekfilm" kinostudiyasi direktori vazifasini bajaruvchi lavozimida ham faoliyat yuritgan edi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, mazkur teatr rahbariyatining almashinuvi so‘nggi yillarda tez-tez kuzatilmoqda. Xususan, 2023-yil fevral oyida bu lavozimga Azim Mullaxonov tayinlangan bo‘lsa, undan oldin 2021-yildan boshlab marhum xalq artisti Mirza Azizovning vafotidan so‘ng teatrni Aleksandr Bekjonov boshqarib kelgan edi.

Shu bilan birga, jamoatchilik e'tibor qaratayotgan yana bir muhim masala — Muqimiy nomidagi davlat akademik musiqali teatri binosining holatidir. Avvalroq, Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva teatrlar faoliyati bilan tanishish chog‘ida mazkur bino anchadan beri jiddiy ta’mirtalab ekanini qayd etib o‘tgandi.

Source: www.gazeta.uz