Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi respublikada oʻlat kasalligi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat toʻliq nazorat ostida ekanini va xavotirlanishga hech qanday asos yoʻqligini maʼlum qildi.

Rossiyaning Irkutsk shahrida qayd etilgan xavfli kasallik gumoniga munosabat bildirgan qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekovning soʻzlariga koʻra, qoʻshni davlatdagi holat tasdiqlanmagan va tegishli tekshiruvlar davom etmoqda. Shunga qaramay, mazkur axborot jamoatchilik eʼtiborini tortdi.

Mutaxassisning eslatishicha, oʻlat bakteriyalar tomonidan chaqiriladigan va tabiiy oʻchoqlari mavjud boʻlgan oʻta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. U asosan mayda sut emizuvchilar orqali tarqalib, insonga burga chaqishi yoki kasallangan hayvonlar bilan muloqot natijasida oʻtishi mumkin.

Oʻzbekistonda bunday xavfli kasalliklarning oldini olish boʻyicha qatʼiy tizim yaratilgan boʻlib, chegaralardagi 53 ta sanitariya nazorat punkti xorijdan kelayotgan shaxslarni doimiy tibbiy nazoratdan oʻtkazmoqda. Shuningdek, hududiy laboratoriyalar zarur vositalar bilan toʻliq taʼminlangani aytilmoqda.

Source: kun.uz