Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni yangi tashkil etilgan Taʼlim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish va sohadagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan muhim taqdimot bilan tanishdi. Davlat rahbari taʼlim jarayonlarini yanada takomillashtirish, maktab hamda universitetlar oʻrtasidagi oʻzaro uzviylikni kuchaytirish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berdi.

Xabaringiz bor, yaqinda imzolangan prezident farmoniga muvofiq, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi birlashtirilib, yagona Taʼlim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tuzilgan edi. Ushbu islohotdan koʻzlangan asosiy maqsad taʼlim va tarbiya jarayonlarini yagona yondashuv asosida boshqarish, inson kapitalini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishdan iborat ekanligi taʼkidlandi.

Taqdimot davomida yangi vazirlik oldida turgan dolzarb vazifalar, xususan, maktabgacha taʼlimdan boshlab oliy oʻquv yurtlarigacha boʻlgan barcha bosqichlarda oʻzaro bogʻliqlikni taʼminlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Taʼlim mazmunini zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish, sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, boshqaruv tizimini raqamlashtirish, takrorlanuvchi funksiyalarni qisqartirish va hududiy tuzilmalarning masʼuliyatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Maktab taʼlimida darsliklarni yangilash, oʻquvchilarni baholash tizimini takomillashtirish, pedagoglarga metodik yordam koʻrsatishda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish hamda oliy taʼlim muassasalarining mustaqilligini kengaytirish boʻyicha muhim takliflar bildirildi.

Source: kun.uz