Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyat bojxona boshqarmasining «Doʻstlik» chegara bojxona postida yirik miqdordagi valyuta mablagʻlarini mamlakat hududidan noqonuniy ravishda olib chiqib ketishga qaratilgan navbatdagi urinishning oldi olindi. Rasmiy idoralar tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, mazkur noqonuniy harakat bojxona xodimlarining hushyorligi evaziga fosh etilgan.

Qayd etilishicha, Oʻzbekistondan qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasiga chiqib ketayotgan «Volvo» rusumli yuk transport vositasi haydovchisi nazorat punktidan oʻtish chogʻida huquq-tartibot organlari xodimlarida shubha uygʻotgan. Shundan soʻng, ushbu transport vositasi va uning haydovchisi qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkazilgan.

Oʻtkazilgan bojxona nazorati jarayonida ogʻzaki soʻrov paytida maʼlum qilinmagan hamda tegishli tartibda deklaratsiyalanmagan naqd xorijiy valyuta borligi aniqlangan. Haydofchi oʻziga tegishli qoʻl sumkasi hamda kiyimlarining ichki choʻntak qismiga yashirincha joylashtirgan holda jami 34 ming AQSH dollarini mamlakatdan olib chiqib ketmoqchi boʻlgani maʼlum boʻldi.

Hozirgi vaqtda mazkur aniqlangan holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda va qonunbuzarga nisbatan qonuniy choralar koʻrilishi koʻzda tutilgan.

Source: kun.uz