Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy yilning 10-oktabr kuni soat 9:40lar atrofida Andijon viloyati Buloqboshi tumani Neftchilar qishlogʻida navbatdagi ogʻir yoʻl-transport hodisasi qayd etildi. Tuproq ortilgan “HOWO” rusumli ogʻir yuk mashinasi dovondan pastlikka tushib kelayotganda kutilmaganda tormoz tizimida nosozlik yuzaga kelgan va mashina boshqaruvni yoʻqotgan. Natijada yuk avtomobili yoʻl chetida toʻxtab turgan bir nechta transport vositalarini urib, ularni 30-40 metr masofagacha sudrab borgan hamda agʻdarilib tushgan, shuningdek, atrofdagi savdo doʻkonlari butunlay vayron boʻlgan.

Mahalliy aholining soʻzlariga koʻra, bu kabi fojiali holatlar ushbu hududda ilk bor kuzatilayotgani yoʻq. Qishloqdagi markaziy koʻcha kichik dovonga tutashgani va uning yaqinida karerlar joylashgani sababli ogʻir yuk mashinalari doimiy ravishda shu yoʻldan qatnaydi. Oʻtgan davr mobaynida aynan shu qiyalikda kamida beshta ogʻir YTH sodir boʻlib, ularda jami uch kishi (oxirgi maʼlumotlarga koʻra, ikki yosh bola va bir ayol) halok boʻlgani aytilmoqda. Umuman olganda, soʻnggi ikki yil ichida ogʻir yuk mashinalari ishtirokidagi avariya qurbonlari soni olti nafardan oshgan.

Jabrlangan va xavotirdagi aholi vakillarining taʼkidlashicha, ular xavfli hududdan ogʻir yuk mashinalari harakatini cheklash hamda yoʻlni tekislab, xavfsiz holatga keltirish boʻyicha masʼul idoralarga koʻp marotaba murojaat yoʻllagan. Biroq, mahalliy aholining shikoyatlari eʼtiborsiz qoldirilib, amaliy natijaga erishilmagan. Fuqarolar yoʻlni kengaytirish va dovon qiyaligini kamaytirish boʻyicha berilgan vaʼdalar qogʻozda qolib ketayotganidan qattiq noroziligini bildirishmoqda.

Qishloq aholisi 60 tonnagacha yuk ortilgan texnikalar aholi yashash punktidan oʻtishi insonlar hayotiga real tahdid solayotganini taʼkidlaydi. Avvallari bunday mashinalar faqat tunda harakatlangan boʻlsa, hozirda kunduz kuni ham aholi gavjum koʻchalardan qatnay boshlagani xavotirlarni yanada oshirgan. Mahalliy aholi vakili Abdulahad Abdurasulovning soʻzlariga koʻra, piyodalar yoʻlagi yoʻqligi va infratuzilmaning abgor ahvolda ekani vaziyatni yanada ogʻirlashtirmoqda, odamlar esa masʼullardan tezkor chora koʻrishni talab qilmoqdalar.

Source: kun.uz