Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida yetti ta avtotransport vositasi ishtirokida og‘ir oqibatlarga olib kelgan yo‘l-transport hodisasi qayd etildi. Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining xabar qilishicha, mudhish voqea 10-oktabr kuni soat 09:40 larda Neftchilar mahallasining Konchilar ko‘chasida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Neftchilar — Kulla yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan, 48 yoshli O‘.A. boshqaruvidagi tuproq ortilgan Howo yuk mashinasining tormoz tizimida kutilmagan nosozlik kelib chiqqan va oqibatda haydogʻ boshqaruvni butunlay yo‘qotgan.

Nazoratni yo‘qotgan og‘ir yuk mashinasi qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Cobalt, Nexia, BYD Song Plus va Nexia 2 avtomobillari bilan to‘qnashgan. Shuningdek, u yo‘lning o‘ng tomonida to‘xtab turgan Nexia 3, Damas hamda Matiz mashinalarini ham urib yuborgan. Kuchli zarba oqibatida ko‘cha bo‘yida joylashgan savdo do‘konlariga ham jiddiy moddiy zarar yetkazilgani ma'lum qilindi.

Ushbu ayanchli YTH oqibatida uch nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan. Og‘ir jarohat olgan Howo yuk mashinasi haydovchisi va yana uch kishi tuman shifoxonasiga yotqizilib, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Buloqboshi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Neftchilar qishlog‘idagi markaziy ko‘cha kichik dovonga tutashgan bo‘lib, aynan shu hududdan og‘ir yuk mashinalari muntazam qatnaydi. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, qiyalikdan qum va shag‘al ortib tushayotgan yuk transportlarining tormoz tizimi tez-tez ishdan chiqib turadi. So‘nggi ikki yil ichida aynan shu turdagi avariya holatlari oqibatida kamida 6 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumgan. Aholi bundan oldin ham ko‘p marotaba mas'ul idoralarga murojaat qilib, yuk mashinalari harakatini cheklashni so‘ragan bo‘lsa-da, muammo hal etilmay qolmoqda.

Source: www.gazeta.uz