Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan Yangi Toshkent loyihasi doirasida yirik sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi imtiyozlar tizimi e’lon qilindi. Mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyevning qurilish maydoniga tashrifi chog‘ida ma’lum qilinishicha, noresurs ob’ektlari qurilishiga 50 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltiruvchi investorlar uchun maxsus shart-sharoitlar yaratiladi.

Xususan, davlat tomonidan bunday loyihalar uchun “yashil qurilish” sertifikatlarini olish xarajatlari to‘liq qoplab berilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu sertifikatlar binolarning zamonaviy ekologik talablarga qat’iy rioya etishini tasdiqlaydi. Shuningdek, bosh rejaga muvofiq, shahar hududining 30 foizini ko‘kalamzorlashtirish majburiyati investorlar zimmasidan olinib, to‘liq davlat ta’minotiga o‘tkazilishi xabar qilindi.

Bundan tashqari, har bir yirik sarmoyador uchun “shaxsiy menejer” instituti joriy etilib, loyihaning boshlanishidan tortib to to‘la ishga tushirilgunga qadar bo‘lgan jarayonlarda yaqindan yordam beriladi. Investitsiya shartnomalarini tuzishda “bitta loyiha — bitta shartnoma” tamoyili qo‘llanilib, barcha majburiyatlar va imtiyozlar qat’iy belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi shahar hududida mehmonxonalar, savdo majmualari hamda turizm ob’ektlarini barpo etishni rag‘batlantirish maqsadida infratuzilma to‘lovlari sezilarli darajada kamaytirilishi xabar qilingan edi.

Source: podrobno.uz