O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Toshkent shahrining amaldagi tumanlarida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun bo‘sh yer maydonlari qolmaganiga alohida e’tibor qaratdi. Mamlakat rahbari poytaxt tumanlarida yer taqchilligi keskin muammoga aylanib borayotganini ta’kidlab, hokimlarning murojaatlariga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, Shayxontohur tumani hokimi Bobir Abubakirov va boshqa rahbarlar yer yetishmayotganidan shikoyat qilayotgani qayd etildi.
Shuni inobatga olgan holda, poytaxtning har bir tumaniga Yangi Toshkent hududidan dastlabki tarzda 100 gektardan yer maydoni ajratilishi belgilandi. Prezident bu yerlarni o‘zlashtirish va loyihalarni mahallalar kesimida aniq belgilash muhimligini ta’kidladi. Har bir tuman hokimiga Yangi Toshkentdagi loyihalar ustida ishlash uchun haftasiga maxsus bir kun ajratish topshirildi, shuningdek, ular har oy davlat rahbariga amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil hisobot berib borishi shart.
Davlat rahbari Yangi Toshkent hududida har bir viloyat uchun o‘ziga xos o‘rin ajratish tashabbusini ilgari surdi. Unga ko‘ra, yangi shaharning yirik ko‘chalariga viloyatlar nomini berish va hududda muayyan hududlar bilan bog‘liq alohida mahallalar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu esa kelgusida poytaxtga keluvchi fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda Yangi Toshkentda yer maydonlariga bo‘lgan talab va ularning narxi keskin oshib borayotgani ma’lum qilindi. 2024-yilda bir gektar yerning narxi 10 milliard so‘mga ham yetmagan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 19 milliard so‘mga yetgan. Jumladan, kichik yer uchastkalari boshlang‘ich narxidan bir necha barobar qimmatga sotilayotgani qayd etildi. Yangi shahar qurilishi uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan bo‘lib, birinchi bosqichda ulkan investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Source: www.gazeta.uz