Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yangi Toshkent hududida yirik loyihalarni amalga oshirayotgan investorlar va tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqot davrida mamlakatdagi ta'lim sohasi ham muhokama markazida bo‘ldi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda so‘nggi yillarda ta'lim muassasalari soni ortgani bilan, kadrlar tayyorlash sifati pasayib ketganini ochiq tanqid qildi.

Prezidentning ta'kidlashicha, bundan buyon har bir oliy ta'lim muassasasi o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yishi va qaysi tarmoq uchun qanday mutaxassis kerakligini aniq belgilab olishi shart. Oliy rahbar sohada tub burilish yasash maqsadida O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligini birlashtirib, yagona Ta'lim va fan vazirligini tashkil etganini eslatib o‘tdi.

Ushbu yangi tuzilma rahbarligiga tayinlangan Erkinjon Turdimovning nomzodi deputatlar tomonidan ma'qullangan edi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ilgari to‘rt viloyatda hokimlik lavozimida ishlagan tajribali rahbarning vazirlikka olib kelinishi bekorga emas va bu kadrlar siyosatida keskin burilish yasashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Erkinjon Turdimov 2025 yil yanvaridan buyon Sirdaryo viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi. U o‘z faoliyati davomida Navoiy, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida ham rahbarlik lavozimlarini egallagan bo‘lib, tajribali ma'mur sifatida tanilgan.

Source: www.uznews.uz