O‘zbekistonda universitetlar va ilmiy tashkilotlar huzurida ilmiy ishlanmalar asosida mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarni tashkil etish qoidalari rasman tasdiqlandi. Ushbu mexanizm olimlarga o‘z ilmiy yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish, tayyor mahsulot holatiga keltirish va bozorga chiqarishda ko‘maklashishga qaratilganligi aytilmoqda.
Reyestrga kirish va imtiyozlarga da’vo qilish uchun OTM yoki ilmiy muassasa kompaniya ustav kapitalining kamida 25 foiziga egalik qilishi, aniq biznes-reja taqdim etishi hamda mahsulot aynan ularning ishlanmalariga asoslanganini isbotlashi shart. Kapitalni shakllantirishda budjetdan tashqari mablag‘lar, venchur fondlari va xususiy investorlar ishtirok etishi mumkin.
Patenti mavjud bo‘lgan ishlanmalar uchun maxsus imtiyozlar nazarda tutilgan bo‘lib, patentlanmagan yechimlar bilan ishlaydigan korxonalar uchun foyda solig‘i stavkasi 2029 yilning may oyiga qadar 50 foizga kamaytirildi. Shuningdek, universitetlar o‘zlarining kichik korxonalariga binolar va yer maydonlarini ijrab berish hamda moliyaviy yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladilar.
Arizalar maxsus elektron platforma orqali qabul qilinib, Innovatsion rivojlanish agentligi 10 kun ichida ekspertiza o‘tkazadi, shundan so‘ng maxsus kengash qaror qabul qiladi. Reyestrga kiritilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma uch kun ichida berilib, besh yil davomida amal qiladi.
Investitsiya davri (besh yil) mobaynida bundagi davlat ulushi xususiylashtirilmasligi belgilangan. Ushbu muddat tugagach, ulush boshqa qatnashchilarga sotish uchun taklif etiladi, agar ular rad etsa, ochiq auksionga qo‘yiladi.
Source: podrobno.uz