Futzal boʻyicha Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi lavozimida faoliyat yuritib kelgan ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes salomatligidagi keskin muammolar sababli oʻz xohishiga koʻra isteʼfoga chiqdi. Bu haqda mamlakat futzal federatsiyasi tomonidan rasmiy ravishda maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, tajribali murabbiy avgust oyi oxiridan buyon yurak yetishmovchiligi alomatlari tufayli tibbiy koʻriklardan oʻta boshlagan edi. Dastlabki tekshiruvlar Toshkent shahrida oʻtkazilgan boʻlib, shundan soʻng mutaxassis chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik va muolajalar uchun Madrid shahriga joʻnatilgan.
Ispaniyalik malakali shifokorlar Mendesga har qanday professional faoliyatni vaqtincha toʻxtatib turish va uzoq muddatli jiddiy davolanish kursini oʻtash boʻyicha qatʼiy tavsiya bergan. Shundan kelib chiqib, murabbiy federatsiya rahbariyatiga oʻz vazifasidan ozod etishni soʻrab murojaat yoʻllagan.
Futzal federatsiyasi rahbariyatining koʻrib chiqishidan soʻng murabbiyning holati inobatga olinib, uning isteʼfosi qanoatlantirildi. Xose Mariya Mendes oʻzining xayrlashuv xatida Oʻzbekiston jamoasiga kelgusida ham muxlislik qilishini hamda zarurat tugʻilsa maslahat berishga tayyorligini bildirdi.
Source: kun.uz