Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida yer maydonini turar joy qurish uchun noqonuniy ravishda rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, juda yirik miqdordagi pul mablagʻini talab qilgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qoʻlga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi tomonidan rasmiy maʼlumot eʼlon qilindi, deb yozadi Sof.uz nashri.

Maʼlum boʻlishicha, 1970-yilda Xorazm viloyatida tugʻilgan gumonlanuvchi Toshkent viloyatining diqqatga sazovor va soʻlim hududlaridan biri boʻlgan Boʻstonliq tumanidagi 9 gektarlik noturar joy obyektining 4 gektar qismida koʻp qavatli yoki yakka tartibdagi turar joy binolari qurilishini hujjatlashtirib berishni vaʼda qilgan. U oʻzining goʻyoki Kadastr agentligida ishlovchi yuqori lavozimli tanishlari borligiga ishontirib, fuqaroni aldagan.

Jinoyatchi oʻzining taʼsir doirasidan foydalangan holda, pora evaziga ushbu hududda turar joylar qurishga rasmiy ruxsat olib berishini daʼvo qilgan. Buning evaziga esa jabrlanuvchidan dastlab 100 ming AQSh dollari, keyinchalik esa yana 740 ming dollar, yaʼni umumiy hisobda 840 ming dollar talab qilganligi aniqlangan.

Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur shaxs talab qilingan pulning dastlabki qismi — 100 ming dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari, xususan, 168-moddaning 4-qismi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddaning 3-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Source: kun.uz