“Rayxon oilaviy milliy taomlari” tarmogʻi taʼsischisi Odilxon Ismoilovga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha apellyatsiya sudi oʻz hukmini eʼlon qildi. Namangan viloyati sudlari axborot xizmatining maʼlum qilishicha, sud majlisi yakuniga koʻra, avvalroq tayinlangan Real qamoq jazosi shartli jazo bilan almashtirilib, tadbirkor sud zalidan ozodlikka chiqarilgan.
Ish materiallariga koʻra, tergov va sud jarayonida yetkazilgan moddiy zararning maʼlum bir qismi naqd pul shaklida depozit hisob raqamiga oʻtkazib berilgan. Shuningdek, Odilxon Ismoilovga tegishli boʻlgan mol-mulk bank talabiga asosan uning balansiga oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, ilgari xatlangan boshqa mulklar ham zararni qoplash maqsadida sotuvga chiqarilgan va yoʻnaltirilgan.
Mazkur holatlar hamda ishning boshqa tafsilotlari chuqur oʻrganib chiqilgach, sud Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan belgilangan ayblovni oʻz kuchida qoldirgan holda, Jinoyat kodeksining 72-moddasini qoʻllashni maqsadga muvofiq deb topdi. Natijada unga nisbatan tayinlangan jazo shartli deb topilib, 3 yil muddatga sinov muddati belgailandi va u qamoqdan ozod etildi.
Eslatib oʻtamiz, Odilxon Ismoilov avvalroq Pop tuman sudining hukmi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 1977-yilda Namangan viloyatida tugʻilgan Ismoilov oʻtmishda Toshkent shahar bosh imom-xatibi oʻrinbosari, Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan, shuningdek, 2026-yil boshida talon-toroj qilish hamda soxta tadbirkorlik ayblovlari bilan hibsga olingan edi.
Source: kun.uz