Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Elit Osiyo Chempionlar Ligasining asosiy bosqichi doirasida oʻz maydonida Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» klubini qabul qildi. Oʻta keskin kurashlarga boy oʻtgan uchrashuv maydon egalari uchun qiyin kechdi va jamoa oʻyin oxirigacha magʻlubiyat yoqasida turgandi.
Oʻyinning 35-daqiqasida mehmonlar safidan Tijani Reynders raqib darvozasini ishgʻol qilib, Saudiya klubini oldinga olib chiqdi. Shundan soʻng poytaxtliklar hisobni tenglashtirish uchun koʻp harakat qilishdi, ammo raqib himoyasini yorib oʻtishda qiyinchiliklarga duch kelishdi.
Uchrashuv yakunlanishiga sanoqli daqiqalar qolganda, aniqrogʻi 89-daqiqada, «Paxtakor» futbolchisi Dostonbek Hamdamov penaltini muvaffaqiyatli amalga oshirib, jamoasini muqarrar magʻlubiyatdan saqlab qoldi. Natijada oʻyin 1:1 hisobidagi jangovar durang bilan yakunlandi.
Eslatib oʻtamiz, toshkentliklar musobaqaning dastlabki turida ham Saudiya Arabistonining boshqa bir jamoasi «Al-Ahli» bilan safarda durang oʻynagan edi. Shu tariqa, «Paxtakor» ikki oʻyindan keyin oʻz hisobiga ikki ochko yozdirib qoʻydi va navbatdagi uchrashuvni 26-oktabr kuni safarda Iroqning «Al-Quvva Al-Javiya» klubiga qarshi oʻtkazadi.
Source: kun.uz