Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

«Dunyo» axborot agentligining maʼlumotlariga koʻra, Anqara shahrida Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Turkiya Savdo vazirligi oʻrtasida savdo masalalariga bagʻishlangan ishchi guruhning ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tomonlar oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va mavjud iqtisodiy salohiyatni toʻlaqonli roʻyobga chiqarishga qaratilgan qator masalalarni koʻrib chiqdilar.

Muzokaralar davomida ikki mamlakat bozorlariga mahsulotlarni olib kirishni sezilarli darajada yengillashtirish, amaldagi tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika hamda yengil sanoat yoʻnalishlarida oʻzaro yetkazib berish hajmini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar texnik tartibga solish, standartlashtirish va mahsulotlarning muvofiqligini baholash sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhimligini taʼkidladilar. Xususan, muvofiqlik sertifikatlarini oʻzaro tan olish mexanizmlarini joriy etish va bojxona tartib-qoidalarini soddalashtirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, elektrotexnika mahsulotlariga qoʻyiladigan texnik talablar va ularning muvofiqligini baholash bilan bogʻliq masalalarni tezkorlik bilan hal etish maqsadida soha mutaxassislaridan iborat maxsus texnik ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. Tomonlar oʻrtasidagi Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimning kengaytirilgan tahririni imzolash yuzasidan ham texnik maslahatlashuvlar oʻtkazildi.

Source: kun.uz