Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida ikki kishining umriga zomin bo‘lgan og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Huquq-tartibot idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra, fojiqli voqea 9-oktabr kuni soat 13:00 larda “Mirkan” mahallasidan o‘tuvchi 4K-560 avtomobil yo‘lining 14-kilometrida qayd etilgan.

Hodisa tafsilotlariga ko‘ra, Cobalt rusumli avtomobil mashinasi Mirkan — Misit yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan bo‘lgan. Shu paytda to‘satdan yo‘lning o‘ng tomonidan velosipedchi harakatlanib chiqib qolgan. Avtomobil haydovchisi to‘qnashuvning oldini olish maqsadida rulni keskin chap tomonga burishga majbur bo‘lgan, biroq boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.

Oqibatda boshqaruvni yo‘qotgan mashina yo‘nalish bo‘ylab kelayotgan elektroskuter bilan to‘qnashib ketgan. To‘qnashuv shunchalik kuchli bo‘lganki, skuter yo‘lovchilaridan biri voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan. Yana ikki kishi — haydovchi va ikkinchi yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan, biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, ikkinchi yo‘lovchini ham saqlab qolib bo‘lmagan.

Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgi vaqtda fojianing barcha sabab va sharoitlarini aniqlash maqsadida dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, biroz oldin Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida ham shunga o‘xshash mudhish YTH ro‘y bergan edi. O‘shanda 16 yoshli maktab o‘quvchisi boshqaruvidagi Cobalt avtohalokatga uchrab, o‘quvchining o‘zi vafot etgan, uning tengdoshi bo‘lgan sinfdoshi esa og‘ir jarohatlar olgandi.

Source: podrobno.uz