Toshkent shahar hokimligida kadrlar o'zgarishi yuz berib, Doniyor Mukumdjanovich Yusupov poytaxt hokimining o'rinbosari lavozimiga tasdiqlandi. Shu bilan birga, u Shahar kanallaridan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasiga ham rahbarlik qilishi ma'lum qilindi.
Ma'lumotlarga ko'ra, mazkur lavozim oxirgi vaqtlarda vakant bo'lib turgandi. Bungacha ushbu mas'uliyatli vazifani Abdulaziz Israilov bajarib kelgan bo'lib, uning ketishidan so'ng boshqarma va o'rinbosarlik yo'nalishi vaqtincha rahbarlarsiz qolgan edi.
Yangi tayinlangan rahbar Doniyor Yusupov o'zining professional faoliyati davomida yo'l-qurilish va infratuzilma sohalarida boy tajriba to'plagan. U Toshkent avtomobil-yo'llar institutining bakalavriat hamda magistratura bosqichlarini tamomlab, avtomobil yo'llari va inshootlarini qurish hamda aerodromlar mutaxassisligi bo'yicha tahsil olgan.
Mehnat faoliyati davomida u Toshkent shahri yo'l qurilish va ta'mirlash tresti, Respublika yo'l jamg'armasi kabi muhim tuzilmalarda mehnat qilgan. Shuningdek, avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi, mintaqaviy yo'llarga buyurtmachi xizmati hamda Yunusobod tumani hokimligida mas'ul lavozimlarni egallagan.
Eslatib o'tamiz, ushbu tayinlovga qadar Doniyor Yusupov Yunusobod tumani hokimining qurilish, to'siqsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko'kalamzorlashtirish masalalari bo'yicha o'rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Source: www.gazeta.uz