Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudida shov-shuvli jinoyat ishi yuzasidan hukm o‘qildi. Sud hujjati ma’lumotlariga ko‘ra, fuqaro Sh. M. kafeda yuzaga kelgan janjal oqibatida shafqatsizlarcha kaltaklangan, biroq huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bu qilmishni yashirishga va pora evaziga ishibni yopishga urinishgan.

Voqea tafsilotlariga ko‘ra, 2026-yil 17-fevral kuni Chirchiqdagi kafelardan birida mast ayol va boshqa mijozlar o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Sh. M. mojaro ishtirokchilarini tinchlantirganidan so‘ng, tashqarida uni “Islom buxarskiy” deb ataluvchi shaxs va uning o‘nlab tanishlari kutib turgan. Tashqarida jabrlanuvchiga jismoniy kuch ishlatilib, jag‘iga musht tushirilgan. Keyinroq uni mashinaga o‘tqazmoqchi bo‘lishganida, u qochishga harakat qilgan va bir kilometracha quvib borilib, shafqatsizlarcha kaltaklangan, natijada u hushini yo‘qotgan.

Jabrlanuvchi 18-fevral kuni ariza bilan Chirchiq shahar ichki ishlar bo‘limiga borganida, profilaktika inspektori Dilshod Rahimbayev uni “Islom buxarskiy” bilan to‘qnashtirib, ishni tinch yo‘l bilan hal qilishni taklif qilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, IIB xodimlari jabrlanuvchidan 2700 dollar miqdorida pul undirib, shundan qariyb 2000 dollarini o‘zaro bo‘lib olishgan. Xususan, inspektor Rahimbayev va Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi inspektori Nodir Agabekov pora olib, jinoyatni ataylab yashirganlikda va dalillarni soxtalashtirganlikda ayblangan.

Keyinchalik Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida xodimlar pora berish jarayonida qo‘lga olingan. Sud majlisida har ikki sudlanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lmagan va qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan. Shunga qaramay, guvohlarning ko‘rsatmalari, telefon so‘zlashuvlari va boshqa dalillar asosida ularning aybi to‘liq o‘z tasdiqini topgan.

Chirchiq shahar sudi hukmiga ko‘ra, Nodir Agabekov va Dilshod Rahimbayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan, jumladan tamagirlik yo‘li bilan pora olish, dalillarni soxtalashtirish va jinoyatni qasddan yashirish jinoyatlarini sodir etganlikda aybdor deb topildi. Ularning har biriga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi hamda 3 yil davomida ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum etildi.

Source: www.gazeta.uz