Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

"Telecom Soft" MCHJ tomonidan yoʻl harakati qoidalarini avtomatik nazorat qilish tizimlari uchun videokuzatuv uskunalarini xarid qilish boʻyicha oʻtkazilgan elektron tanlov jamoatchilik eʼtiborini tortdi. Loyihaning boshlangʻich narxi 10 milliard 316 million soʻmni tashkil etgan boʻlib, mazkur mablagʻni oʻzlashtirish uchun bir nechta daʼvogarlar kurash olib bordi. Tanlov natijalariga koʻra, Xitoyning "HAC Smart Technologies" kompaniyasi 657 ming dollar yoki taxminan 7,76 milliard soʻmlik taklifi bilan gʻolib deb topildi.

Shu bilan birga, mazkur jarayonda ishtirok etgan ikkinchi daʼvogar — yana bir xitoylik korxona "HMN Smart" 698 ming dollar miqdorida narx koʻrsatib, zaxira gʻolibi maqomini oldi. Yakuniy tuzilgan shartnoma qiymati esa 7,76 milliard soʻmni tashkil etdi. Biroq, "Revizor" kanali olib borgan kuzatishlar va ochiq manbalardagi maʼlumotlarga koʻra, ushbu ikki "raqobatchi" kompaniya aslida bitta manzil — Xitoyning Tyanszin shahri, TEDA hududi, Second Avenue koʻchasi, 62-uy, MSD-B2 binosida joylashgani aniqlangan.

Bundan tashqari, mazkur ikki korxonaning rasmiy veb-saytlaridagi menyular, xizmat koʻrsatish boʻlimlari va amalga oshirilgan loyihalar portfoliosi ham deyarli bir xil ekanligi maʼlum boʻldi. Shunga qaramay, tender komissiyasi har ikkala korxonani ham "Manfaatlar toʻqnashuvi va affillanganlik holatlari mavjud emasligi" talabiga toʻla javob beradi deb topgan va ularni musobaqaga kiritgan.

Maʼlumot uchun, tender tashkilotchisi boʻlgan "Telecom Soft" MCHJ 2023-yil 14-sentabrda roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, uning asosiy ulushi (82,54 foiz) "Oʻzbektelekom" aksiyadorlik jamiyatiga tegishli. Qolgan ulushlar esa "Granit", "Buzton", "Svyazsoorujeniya Stroy" hamda "Global Optical Communication Uzbekistan" MCHJlar oʻrtasida taqsimlangan.

Source: kun.uz