Janubiy Koreyaning Incheon shahrida boʻlib oʻtgan nufuzli First Global Challenge xalqaro robototexnika musobaqasida Oʻzbekiston terma jamoasi ulkan natijani qayd etdi. Dunyoning 190 ga yaqin davlatidan tashrif buyurgan yosh iqtidorlar bellashgan ushbu musobaqada oʻzbekistonlik muhandislar barcha bellashuvlarda zafar quchib, turnir tarixida yangi rekord oʻrnatishdi.
Musobaqa davomida milliy terma jamoa azolari oʻtkazilgan 16 ta oʻyinning barchasida gʻalaba qozonib, jami 637 ochkoni qoʻlga kiritdi va mutlaq chempionlikni tantana qildi. Shuningdek, yoshlarimiz 3 ta oltin medalga sazovor boʻlib, mamlakatimiz sharafini xalqaro maydonda munosib himoya qilishdi hamda oʻzbekistonlik yoshlarning zamonaviy texnologiyalar sohasidagi salohiyatini yana bir karra yaqqol namoyish etishdi.
Ushbu yuksak gʻalaba munosabati bilan davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev maxsus farmon imzoladi. Unga koʻra, terma jamoaning barcha aʼzolari va ularning ustozlari mamlakatimizning faxrli davlat mukofotlari, jumladan, “Sodiq xizmatlari uchun” medali hamda “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandilar.
Source: kun.uz