O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan va respublika miqyosidagi kitobxonlik tanlovlarida yuqori natijalarga erishgan harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini qisqartirish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasining majlisida muhokama qilinib, birinchi o‘qishda qabul qilindi. Hujjat “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritishni o‘z ichiga oladi.
Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Kozimjon Tojiyevning ma’lum qilishicha, loyiha harbiy xizmatni tashkil etish tartibini takomillashtirish, xizmatchilarni rag‘batlantirish hamda aviatsiya sohasidagi malakali kadrlarning salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan. Xususan, “Ma’naviyat qalqoni” tanlovida sovrinli o‘rinlarni olgan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish taklif etilmoqda.
Muhokama chog‘ida deputatlar tomonidan ayrim aniqlashtiruvchi takliflar bildirildi. Xususan, deputat Zuhriddin Mavlonov xizmat muddatini qisqartirish masadida harbiy xizmatchining shaxsiy xohishi inobatga olinishi lozimligini ta’kidladi. Uning fikricha, g‘olib bo‘lgan harbiylar o‘n bir oylik xizmat bilan cheklanib qolmasdan, boshqalar qatori to‘liq o‘n ikki oylik muddatni yakunlashni istashi ham mumkin, shu bois bu jarayon faqat ariza asosida amalga oshirilishi kerak.
Qonun loyihasining ikkinchi muhim yo‘nalishi harbiy aviatsiya uchun kadrlar tayyorlash va ularni saqlab qolish masalasiga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, mahalliy va xorijiy oliy harbiy ta’lim muassasalarining uchuvchilik mutaxassisligi bitiruvchilari bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslari belgilanmoqda. Bu chora harbiy aviatsiyaning jangovar shayligini oshirish va tajribali mutaxassislarni ushlab qolishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz