Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan joriy yilning 13-oktabr kuni imzolangan farmoyishga asosan, Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripovga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Bungacha ijtimoiy tarmoqlarda tuman hokimining fermerlarga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgani, kartoshka ekish rejas bajarilmasa yerlarini tortib olish va tahdid qilish bilan bog‘liq audioyozuvlar keng tarqalib, jamoatchilikda keskin e'tirozlarga sabab bo‘lgandi. Tuman hokimligi dastlab bu holatda muomala shakli noo‘rin bo‘lganini tan olgan bo‘lsa-da, vaziyatni kartoshka ekish bo‘yicha belgilangan rejaning bajarilmagani bilan oqlashga urinib ko‘rgani ham e'tibordan chetda qolmadi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Muzaffar Aripov davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya qilmagani hamda kasb etikasini qo‘pol ravishda buzgani uchun hayfsan olgan. Mazkur intizomiy jazo chorasini qo‘llash uchun Odob-axloq komissiyasining tegishli bayoni, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 10-oktabrdagi taqdimnomasi hamda amaldorning tushuntirish xati asos qilib olingan. Ushbu mojaredan so‘ng Fermerlar kengashi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgani, shuningdek, Biznes ombudsman tomonidan maxsus surishtiruv ishlari boshlangani ma'lum qilingan edi.

Ta'kidlash joizki, mamlakatimiz hududlarida rahbar shaxslarning quyi qatlam vakillari va fermerlar bilan muloqotda qo‘pol munosabatda bo‘lishi bilan bog‘liq holatlar birinchi bor kuzatilayotgani yo‘q. Avvalroq Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulov ham g‘alla rejasini bajarmagan fermerlarni haqoratlab, qo‘pol tahdidlar qilgani aks etgan audio tarqalgan edi. Xuddi shunday holat Farg‘ona viloyatining Quva tumani hokimi Halimjon Umarov ishtirokida ham kuzatilib, u yig‘ilishda fermerlarga nisbatan axloq qoidalariga zid harakatlar qilgani uchun tanqidga uchragandi. Har ikki holatda ham Antikorrupsiya agentligi taqdimnomasidan so‘ng mazkur rahbarlarga nisbatan hayfsan intizomiy jazolari qo‘llanilgan.

Shuningdek, nafaqat tuman hokimlari, balki boshqa quyi bo‘g‘in rahbarlari faoliyatida ham shunday nomaqbul holatlar uchrab turibdi. Xususan, tarmoqlarda Nurafshon shahri yoshlar ishlari bo‘limi rahbari Mirkarim Ahmadjonovning mahalla yetakchilarini haqorat qilgani aks etgan audioyozuv muhokamalarga sabab bo‘lib, o‘tkazilgan xizmat tekshiruvidan keyin u o‘z aybini tan olgan va mehnat shartnomasi bekor qilingan edi. Mutaxassislar va huquq faollari bunday holatlar mansabdor shaxslarning fuqarolar bilan muloqot qilish madaniyatini tubdan oshirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatishini ta'kidlashmoqda.

Source: www.gazeta.uz