Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan joriy yilning 14-15 oktabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻlishi kutilmoqda. Tashrif doirasida davlat rahbari Boku shahrida oʻtkaziladigan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning (OHICHK) yettinchi sammitida qatnashadi.

Ozarboyjon raisligida oʻtishi rejalashtirilgan nufuzli forum kun tartibidan Osiyo qitʼasida ishonch, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalalari oʻrin olgan. Shuningdek, Kengashning institutsional rivojlanishini yanada takomillashtirishga qaratilgan dolzarb jihatlar ham muhokama qilinishi koʻzda tutilgan.

Tadbir davomida transport bogʻliqligini rivojlantirish, iqtisodiyotni raqamlashtirish hamda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash kabi ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqiladi. Ishtirokchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar.

Sammit yakunlari boʻyicha Boku deklaratsiyasi hamda Tashkilotning roli va samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim qarorlar toʻplamini qabul qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev tomonidan xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.

Source: kun.uz