Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyati hokimining tegishli farmoyishiga asosan, Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripovga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi. Mazkur qaror viloyat rahbar tomonidan joriy yilning 13-oktabr kuni imzolangani ma'lum qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, tuman rahbari Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan qarori talablarini buzgan. Xususan, uning harakatlarida davlat xizmatchisining kasb etikasiga zid holatlar aniqlangan.

Ushbu huquqbuzarliklar natijasida Muzaffar Aripovga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazosi tayinlandi. Mazkur qarorga asos sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining taqdimnomasi, viloyat hokimligi Odob-axloq komissiyasining bayonnomasi hamda tuman hokimining tushuntirish xati asos qilib olingan.

Eslatib o'tamiz, avvalroq Piskent tumani hokimi fermerlarga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlib, yerini tortib olishi bilan tahdid qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Oʻshanda tuman rahbari fermerlarga nisbatan keskin soʻzlar ishlatib, bosim oʻtkazgani jamoatchilikda keskin eʼtirozlarga sabab boʻlgandi.

Ushbu mojaredan soʻng Fermerlar kengashi hokimning harakatlariga qonuniy baho berishni soʻrab prokuraturaga murojaat qilgan, Biznes-ombudsman esa vaziyatni oʻz nazoratiga olganini ma'lum qilgandi. Shunga qaramay, tuman hokimligi dastlabki munosabatida yer fermerning xususiy mulki emasligini ta'kidlab, vaziyatda fermerlarning o'zini aybdor sifatida ko'rsatishga urinib ko'rgandi.

Source: kun.uz