Ichki ishlar vazirligida vazir Aziz Toshpo‘latov raisligida mamlakatda kiberxavfsizlikni ta'minlash va kiberjinoyatlarning oldini olishga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida sohada amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, mavjud muammolar va kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, Markaziy bank bilan hamkorlikda yaratilgan maxsus tizim hamda bank kartalaridan o‘g‘irlangan mablag‘larni blokirovka qilish mexanizmi joriy etilgani tufayli joriy yilning 9 oyi mobaynida 77 milliard 344 million so‘mlik noqonuniy mablag‘lar chiqarilishining oldi olindi. Shuningdek, jinoiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan 43 mingdan ortiq bank kartasi bloklandi.
Hisobot davrida jami 17 483 ta kiberjinoyat fosh etilgan bo‘lib, ularning 5 600 tasi huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarning tashabbusi bilan aniqlangan. Jabrlangan 19 mingdan ortiq fuqarolarga 209 milliard 934 million so‘mdan ortiq moddiy zarar qoplab berilgani ma'lum qilindi.
Yig‘ilishda Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Buxoro va Samarqand viloyatlarida kiberxavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha tashkiliy ishlar yetarli darajada emasligi qattiq tanqid qilindi. Mas'ullarga mavjud kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish hamda profilaktika tadbirlari samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Source: www.uznews.uz