Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Navoiy shahrida muhim kadrlar oʻzgarishi amalga oshirilib, 2023-yil iyul oyidan buyon shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan Dilmurod Ergashev egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Mazkur oʻzgarish hududdagi boshqaruv tizimida yuzaga kelgan muammolar va oldinga qoʻyilgan vazifalarning ijrosini taʼminlashdagi qiyinchiliklar fonida roʻy bergani taxmin qilinmoqda.

Navoiy viloyati hokimligining axborot xizmati tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, viloyat hokimining tegishli qaroriga asosan Bobir Husnidinovich Islomov Navoiy shahrining yangi hokimi etib tayinlandi. Yangi rahbar tayinlovga qadar “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining elektr tarmoqlaridan foydalanish boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Maʼlumot uchun, Bobir Islomov 1981-yilda Navbahor tumanida tugʻilgan boʻlib, oʻtgan yillar davomida bir nechta nufuzli oliy oʻquv yurtlarini tamomlagan. U 2003-yilda Navoiy davlat konchilik institutini, 2005-yilda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini, shuningdek, 2012-yilda Oliy biznes maktabini bitirib, energetika va boshqaruv sohasida tajriba toʻplagan.

Shuni taʼkidlash joizki, Dilmurod Ergashevning lavozimidan olinishining aniq sabablari rasman eʼlon qilinmagan boʻlsa-da, bu holat oldindan kutilgan edi. Joriy yilning 21-iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlat rahbari bosh vazirga oʻz vazifasini lozim darajada bajarmayotgan 17 nafar hokimning muvofiqligini koʻrib chiqishni topshirgan boʻlib, ushbu qora roʻyxatga Navoiy shahri rahbari ham kiritilgan edi.

Source: kun.uz