Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi Samarqand viloyatida hokimlarning yaqin qarindoshlarini rasmiy delegatsiyalarga kiritish holatlari bo'yicha tekshiruv o'tkazdi. Natijalarga ko'ra, Qo'shrabot va Kattaqo'rg'on tumanlari hokimliklari xorijiy xizmat safarlariga hokimlarning o'g'illari, xotinlari va safar bilan bog'liq bo'lmagan shaxslarni yuborgan, ba'zi ma'lumotlar ochiq e'lon qilinmagan.

Tekshiruv jarayonida Qo'shrabot va Kattaqo'rg'on tumanlari hokimliklarining mansabdor shaxslari o'zlarining yaqin qarindoshlari va safar maqsadlari bilan bevosita bog'liq bo'lmagan xodimlarni xizmat safarlariga yuborganligi aniqlandi.

Xususan, Xitoyda Markaziy Osiyo mamlakatlari professional fermerlari uchun tashkil etilgan seminarga Qo'shrabot tumani hokimining haydovchisi M.T. va hokim D.D.ning o'g'li xizmat safariga yuborilgan.

Shuningdek, Xitoyda o'tkazilgan "Qishloq xo'jaligini rivojlantirish va qayta ishlashni tashkil etish" maxsus o'quv kurslariga 32 kishilik delegatsiya ro'yxatiga Qo'shrabot tumani hokimligining sohaga aloqador vakillari va fermer xo'jaliklari rahbarlari taklif qilingan. Biroq tahlil jarayonida tuman hokimi M.Sh.ning xotini va hokimlikning boshqa mansabdor shaxsining yaqin qarindoshi Ch.X. kabi ba'zi shaxslar asossiz ravishda ro'yxatga kiritilganligi ma'lum bo'ldi. Bundan tashqari, ro'yxatda ko'rsatilgan N.X. va M.S. Qo'shrabot tumanidagi 1-sonli texnikum xodimlari sifatida rasmiylashtirilgan bo'lsa-da, aslida ular u yerda ishlamagan.

Shu bilan birga, Kattaqo'rg'on tumani hokimligi 2025-yil 22-30 may kunlari investitsiya loyihalarini amalga oshirish va savdo shartnomalari bo'yicha kelishuvlarga erishish maqsadida Xitoyga xizmat safarini tashkil qilgan. Delegatsiya tarkibiga safar maqsadlari bilan bevosita bog'liq bo'lmagan hokimlik xodimi kiritilganligi qayd etilgan.

Agentlikda ta'kidlashicha, 2021-yil 16-iyundagi davlat rahbarining farmoniga muvofiq mansabdor shaxslarning xorijiy xizmat safarlari to'g'risidagi ma'lumotlar ochiq e'lon qilinishi shart. Biroq Qo'shrabot va Kattaqo'rg'on tumanlari hokimliklari bu ma'lumotlarni asossiz ravishda yashirgan.

Tekshiruv va tahlil jarayonida to'plangan hujjatlar qonuniy choralar ko'rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yo'naltirilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi o'z vakolatlari doirasida korrupsiya namoyonlarini aniqlash, qonun ustuvorligi va jazosiz qolmaslikni ta'minlash, shuningdek korrupsiya omillarini bartaraf etish bo'yicha choralarni davom ettirish haqida bayonot berdi. Agentlik, shuningdek, ushbu yo'nalishda OAV, jurnalistlar va blogerlar bilan ochiq hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Source: kun.uz