Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti olimlari mamlakatimiz tabiatida muhim kashfiyotga qo‘l urishdi. Xabar qilinishicha, “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i hududida ilm-fan uchun qadrli bo‘lgan turkman uzunquloq ko‘rshaplagi (Plecotus turkmenicus) yana qayd etildi. Mazkur topilma biologiya sohasida so‘nggi yillardagi sezilarli voqealardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu noyob tur haqidagi oxirgi ilmiy ma’lumotlar va muzey eksponatlari 1970-yilgacha bo‘lgan davrga tegishli edi. Shundan so‘ng, nafaqat mamlakatimizda, balki keng mintaqada ham bu turdagi ko‘rshapalak tabiatda deyarli uchratilmagan bo‘lib, uzoq yillar davomida mutaxassislarda jiddiy savollarni tug‘dirib kelgan edi.

Ushbu tadqiqot “One Health in Nature Conservation” xalqaro loyihasi doirasida tashkil etilgan ilmiy ekspeditsiya chog‘ida amalga oshirildi. Mazkur tashabbus Germaniya Atrof-muhit vazirligining Xalqaro iqlim tashabbusi (IKI) mablag‘lari ko‘magida Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi tomonidan moliyalashtirilmoqda va muvofiqlashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Berlin tabiatshunoslik muzeyi yetakchiligida Germaniya, O‘zbekiston va Turkmaniston tadqiqotchilaridan iborat xalqaro guruh Turkmanistonning Qoraqum cho‘lida ilmiy ishlar olib borgandi. O‘shanda O‘zbekiston chegarasiga yaqin hududda ushbu turkman uzunquloq ko‘rshaplagi qayd etilib, mutaxassislar uning qo‘shni davlatlar hududida ham mavjudligini taxmin qilishgan edi, bu esa bugungi topilma bilan o‘z tasdiqini topdi.

Source: www.gazeta.uz