Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Farg‘ona viloyati Furqat tumanida yuqori tezlik va ehtiyotsizlik sababli fojiali yo‘l-transport hodisasi qayd etildi. Viloyat YHXB xabariga ko‘ra, 28 yoshli haydovchi BMW rusumli avtomashinasini belgilangan me'yorlardan keskin oshirgan holda, soatiga 100 kilometrdan ortiq tezlikda boshqarib borayotgan bo‘lgan.

Ma'lum bo‘lishicha, harakat davomida haydovchi keskin burilish nuqtasida boshqaruvni butunlay yo‘qotgan. Oqibatda boshqaruvni yo‘qotgan transport vositasi yo‘l chetidagi ogohlantiruvchi ustunga, so‘ngra kuchli zarb bilan beton to‘siqqa va daraxtga borib urilib, ag‘darilib ketgan.

Hodisa vaqtida mashinada bo‘lgan yo‘lovchining guvohlik berishicha, birinchi to‘siqqa urilish lahzasida u avtomobilning old oynasi orqali tashqariga otilib chiqib ketishga ulgurgan. U o‘z so‘zlarida fojianing dahshatli lahzalarini eslab, tezlikning oxiri o‘lim bilan tugashini va barchasi ko‘z ochib yumguncha sodir bo‘lganini ta'kidlagan.

Surishtiruv jarayonida aniqlanishicha, halok bo‘lgan erkak tegishli haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan. Shuningdek, u bundan avval ham yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun ma'muriy javobgarlikka tortilgani ma'lum bo‘ldi.

Source: www.gazeta.uz