Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida kommunal xizmatlar sohasida yirik qonunbuzilishlar va hisob-kitobdagi xatolar fosh etildi. Ma'lum qilinishicha, asosiy yashash manzilida vaqtincha istiqomat qilmagan qariyb 800 ming fuqaro foydasiga 22 milliard so‘mga yaqin asossiz hisoblangan qarzdorliklar to‘liq qayta hisob-kitob qilib chiqilgan.

Mutaxassislarning o‘rganishlariga ko‘ra, ayrim abonentlar haqidagi bazadagi ma'lumotlar amaldagi haqiqiy holatga umuman mos kelmagani, shuningdek, yangi abonentlar haqidagi zarur axborotlar tegishli tizimga o‘z vaqtida kiritilmagani aniqlangan. Xorijda vaqtincha yashayotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan, ish qidirayotgan yoki chet el OTMlarida tahsil olayotgan fuqarolarimizga nisbatan xizmat ko‘rsatilmagan davrlar uchun ham asossiz to‘lovlar yozib kelingani ma'lum bo‘ldi.

Xususan, tekshiruvlar davomida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati amalda ko‘rsatilmagan bo‘lishiga qaramay, qariyb 800 ming nafar fuqaroga qarzdorlik yozilgani ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, ichimlik suvi hisoblagichlari bilan ta'minlanmagan va xonadonida yashamagan 100 nafarga yaqin fuqaroning huquqlari buzilgani aniqlanib, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan barcha nohaq undiruvlar bartaraf etildi.

Amaldagi tartib-qoidalarga muvofiq, abonentlar sonidagi o‘zgarishlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlar asosida aniqlanganda, qarzdorlik shaxslar soni o‘zgargan sanadan boshlab qayta hisob-kitob qilinishi belgilangan. Hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda esa qonunchilikka binoan oxirgi uch oy uchun qayta hisob-kitob amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida Raqobat qo‘mitasi billing tizimlarini migratsiya ma'lumotlari bazalari bilan to‘liq integratsiya qilish tashabbusini ilgari surdi. Qolaversa, chet elda bir oydan ortiq bo‘lgan abonentlar uchun O‘zbekistonga qaytib kelgunga qadar har oylik avtomatik qayta hisob-kitob qilish tizimini joriy etish yuzasidan mutasaddi idoralarga maxsus takliflar kiritildi.

Source: www.gazeta.uz