Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida sun’iy suv havzasini barpo etish jarayonida ekologik qonunbuzarlik holati yuzaga keldi. Poytaxt Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, hududda hech qanday ruxsatnomasiz qimmatli daraxtlar kesib tashlangani ma’lum bo‘ldi. Avvalroq mahalliy hokimlik mazkur loyiha doirasida mavjud yashil hudud va daraxtlar to‘liq saqlab qolinishini va’da qilgan edi.

Joriy yilning 14-oktabr kuni ekologiya idoralari xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan so‘ng Uchtepa tumani Qo‘rg‘ontepa mahallasidagi 11-mavze hamda 340-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti oralig‘idagi hududda o‘rganish o‘tkazdilar. Birlamchi tekshiruv natijalariga ko‘ra, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan 3 tup aylantus va 1 tup shumtol, jami 4 tup daraxt tagidan kesib tashlangani aniqlandi.

Qonunbuzarlik natijasida o‘simlik dunyosiga yetkazilgan moddiy zarar miqdori “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalariga asosan 27 million 280 ming so‘m deb baholandi. Mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Ekologiya bosh boshqarmasi ushbu qurilish ishlari tegishli tartibda davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinmasdan boshlanganini ta’kidladi. Hozirda mazkur mojaroli hudud to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, avvalroq tuman hokimligi aholi uchun yashil hudud yaratish maqsadida 0,8 gektar yerda sun’iy ko‘l qurilishi va qo‘shimcha manzarali daraxtlar ekilishi haqida bayonot bergan edi.

Source: www.gazeta.uz