Poytaxtimizda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo'lgan mojaroli hodisa o'zining huquqiy yechimini topdi. Toshkent shahridagi «Brasserie Park» restorani xodimi piyodalar yo'lagidan harakatlanib o'tgan kuryerga nisbatan qo'pol muomalada bo'lib, uni haqorat qilgani bois 5 sutkaga ma'muriy qamoqqa hukon qilindi. Ushbu holat jamiyatda xizmat ko'rsatish sohasi xodimlarining odob-axloqi va piyodalar infratuzilmasi masalasini yana bir bor dolzarb qilib qo'ydi.
Ma'lum bo'lishicha, 17-oktabr kuni ro'y bergan mojaroga restoran tomonidan piyodalar yo'lagining noqonuniy ravishda egallab olingani sabab bo'lgan. Restoran xodimi kuryer Munir Yakubovga nisbatan o'ta agressiv munosabatda bo'lib, uning shaxsiyatiga tegadigan haqoratli so'zlarni ishlatgan. Voqea joyida bo'lgan boshqa fuqarolar esa mojaroni tinchlantirish o'rniga, kuryerni ayblab, uni videoga olgani uchun tanbeh berishgan. Jabrlanuvchining so'zlariga ko'ra, atrofdagilardan birortasi ham uning himoyasiga chiqmagan.
Mazkur shov-shuvli voqeadan so'ng Toshkent shahar hokimligi darhol tekshiruv ishlarini boshlab yubordi. O'rganishlar davomida mazkur muassasa hududdan foydalanish talablarini va piyodalarning erkin harakatlanishini ta'minlash qoidalarini qo'pol ravishda buzgani aniqlandi. Natijada restoranning piyodalar yo'lakchasini to'sib qo'ygan yozgi maydonchasi majburiy tartibda olib tashlanib, piyodalar yo'li asl holatiga qaytarildi va qonunchilik talablariga muvofiqlashtirildi.
Source: kun.uz