Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonda shaharsozlik va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalarni ilgari surdi. Xususan, Kobul xalqaro aeroporti yaqinidagi 60 gektar maydonda turar joy va jamoat majmuasi, shuningdek, Afg‘oniston poytaxtida zamonaviy ishbilarmonlik markazi hamda ko‘p qavatli uylar qurish taklif etilmoqda.

Mazkur tashabbuslar "O‘zshaharsozlik LITI" bosh direktori Bobur Elmurodov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Afg‘oniston Shaharsozlik va uy-joy qurilishi vazirining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Nosih Rabboniy hamda soha mutaxassislari bilan o‘tkazilgan uchrashuvida taqdim etildi. Muzokaralar davomida shaharsozlik sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Poytaxt Kobuldan tashqari, O‘zbekiston Hayraton sanoat zonasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishni ham rejalashtirmoqda. Shuningdek, Mozori Sharif shahrida go‘shtni qayta ishlash klasterini tashkil etish va u yerda tayyorlangan sifatli go‘sht mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Afg‘oniston rasmiylari o‘zbekistonlik mutaxassislar va kompaniyalar uchun mamlakatda zarur barcha sharoitlarni yaratishga tayyor ekanini bildirdi. Uchrashuv natijalariga ko‘ra, Kobul shahrida "O‘zshaharsozlik LITI" vakolatxonasini ochish hamda afg‘onistonlik kadrlarni qurilish yo‘nalishlarida o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Rejaga binoan, joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston delegatsiyasi muzokaralarni davom ettirish va "Yangi Kobul" kabi yirik loyihalar qurilish maydonchalari bilan tanishish maqsadida yana Afg‘onistonga tashrif buyuradi. Ta'kidlash joizki, avvalroq O‘zbekiston Madaniy meros agentligi mutaxassislari ham Afg‘onistondagi tarixiy obidalarni o‘rganish va ularni restavratsiya qilish masalalarini ko‘rib chiqqan edi.

Source: podrobno.uz