Hukumatning tegishli qarori bilan Navoiy va Chirchiq shaharlarida doimiy roʻyxatdan oʻtgan hamda 18 yoshga toʻlgan jismoniy shaxslar uchun daromadlar hamda xarajatlar deklaratsiyasini topshirishning vaqtinchalik maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi. Ushbu tajriba-sinov loyihasi fuqarolarning soliq madaniyatini oshirish va yangi tizimni amalda sinab koʻrish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Tasdiqlangan tartibga koʻra, tajriba jarayoni 2026 va 2027-yillardagi jami daromadlarni oʻz ichiga oladi. Fuqarolar oʻz deklaratsiyalarini Soliq qoʻmitasining rasmiy elektron portali (my3.soliq.uz) yoki maxsus “Soliq” mobil ilovasi orqali belgilangan muddatlarda masofadan turib taqdim etishlari lozim boʻladi.
Qayd etilishicha, 2026-yilgi daromadlar boʻyicha hisobotlar 2027-yilning 1-aprelidan, 2027-yil uchun esa 2028-yilning 1-aprelidan kechiktirmay topshirilishi shart. Bunda soliq organlari fuqarolarga belgilangan muddat tugashidan kamida bir oy oldin tegishli xabarnomalarni yuborishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, mazkur tajriba davrida aniqlashtirilgan soliq bazasiga nisbatan hech qanday huquqiy taʼsir choralari yoki jarimalar qoʻllanilmasligi alohida taʼkidlandi. Biroq, mazkur ikki shaharda hisobga qoʻyilganiga olti oydan kam vaqt oʻtgan fuqarolar hamda soliq organlariga hisobot yilida ishga qabul qilingan xodimlar bu majburiyatdan ozod etilgan.
Source: kun.uz